Yashirilgan mahsulot ushlab qolindi
Andijon viloyatidagi “Do‘stlik” chegara bojxona posti orqali 15 tonnadan ziyod "motor moyi"ning yurtimizga yashirincha olib kirilishining oldi olindi.
Andijon viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan "Do‘stlik" chegara bojxona posti orqali xorijiy davlatdan O‘zbekistonga olib kirilayotgan avtotransport vositasi maxsus IKM qurilmasi yordamida skaner tekshiruvidan o‘tkazilgandan so‘ng shubha ostiga olinib, bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.
Tekshiruv davomida yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan, bojxona organlariga taqdim etilgan elektron E-tranzit deklaratsiyasida qayd etilmagan, 689 dona idishda bo‘lgan 15 ming 325 kilogramm og‘irlikdagi “motor moyi” mavjudligi aniqlandi.

Aniqlangan tovarlarning dastlabki umumiy qiymati 1 milliard 530 million so‘mni tashkil etdi.
Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, qonunchilikda belgilangan tartibda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri