Yarim yillik natijalar va yangi marralar
Davlat iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash, tashqi savdo jarayonlarini qonuniy va shaffof tashkil etish hamda davlat byudjeti daromadlarini barqaror oshirishda bojxona organlarining o‘rni tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zamonaviy yondashuvlar, raqamli texnologiyalar va kuchaytirilgan nazorat mexanizmlari samarasida mazkur tizim nafaqat iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, balki aholi xavfsizligini muhofaza qilishda ham muhim tayanchga aylanib bormoqda.
Shu nuqtai nazardan, Buxoro viloyati bojxona boshqarmasida Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari N. Musamuxamedov ishtirokida 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda hisobot davrida amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilinib, erishilgan yutuqlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda yilning ikkinchi yarmi uchun ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishda Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i B. Muratov hisobot bilan ishtirok etib, davlat byudjeti tushumlarini ko‘paytirish, iqtisodiy xavfsizlikni mustahkamlash, kontrabanda va bojxona qonunbuzilishlariga qarshi kurashish, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun yanada qulay sharoitlar yaratish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil axborot berdi.

Qayd etilganidek, joriy yilning dastlabki olti oyida boshqarma tomonidan 2 trillion 120 milliard so‘mlik bojxona to‘lovlari hisoblandi. Uning 881,9 milliard so‘mi qonunchilikda belgilangan tartibda bojxona imtiyozlari sifatida taqdim etildi. Qolgan 1 trillion 238 milliard so‘m esa davlat byudjetiga o‘z vaqtida va to‘liq undirilib, mamlakat iqtisodiyoti barqarorligiga munosib hissa qo‘shildi.
Kengash yig‘ilishida aholi salomatligi va xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan tezkor chora-tadbirlar natijalari ham alohida e’tirof etildi. Xususan, noqonuniy aylanmaga kiritilishi rejalashtirilgan 14,68 kilogramm giyohvandlik vositalari hamda 147,23 kilogramm tibbiy dori vositalari o‘z vaqtida aniqlanib, ularning mamlakat hududiga tarqalishining oldi olindi. Bu kabi natijalar huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda olib borilayotgan tizimli ishlarning amaliy samarasidir.
Hisobot davrida bojxona nazorati samaradorligini yanada oshirish maqsadida jami 9 ming 947 ta bojxona ko‘rigi amalga oshirildi. Natijada 182 ta bojxona qoidabuzarligi aniqlanib, qiymati qariyb 27,9 milliard so‘mlik tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi.

Shuningdek, kontrabandaga qarshi kurashish va surishtiruv faoliyati doirasida 782 ta qonunbuzilish holati fosh etildi. Ular bo‘yicha qiymati 63,3 milliard so‘mlik tovar-moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi. Bu raqamlar bojxona organlarining iqtisodiy jinoyatlarga qarshi murosasiz kurashayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Yig‘ilishda tizim xodimlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish masalalari ham e’tibor markazida bo‘ldi. Hisobot davrida xizmat vazifalarini namunali ado etgan 48 nafar xodim rag‘batlantirildi, 12 nafariga navbatdagi maxsus unvon berildi. Shu bilan birga, 8 nafar xodimning farzandiga oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli qabul kvotasi ajratildi, 2 nafar xodimning uy-joy sharoitini yaxshilash uchun ssuda berildi. Bu kabi ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari tizim xodimlarining mehnat unumdorligini oshirish va ularni yanada fidokorona xizmat qilishga undashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Kengash davomida tarkibiy tuzilmalar faoliyati tanqidiy ruhda muhokama qilinib, korrupsiyaga qarshi kurashish, xizmat intizomi va ijro nazoratini yanada kuchaytirish, har bir vazifaga mas’uliyat bilan yondashish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi. Shuningdek, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish, xavflarni tahlil qilish tizimini takomillashtirish va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilish yakunida davlat byudjeti tushumlarini yanada ko‘paytirish, tadbirkorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhitini kengaytirish, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni yangi bosqichga olib chiqish, kontrabanda va bojxona qonunbuzilishlariga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, shuningdek, xizmat va ijro intizomini mustahkamlash ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab olindi.
Zarif Komilov, O‘zA