O‘zbekiston - Rossiya: Yangi Yevrosiyo me’morchiligida strategik sheriklikning yangi bosqichi
Jahon iqtisodiyoti qayta taqsimlanish bosqichiga kirmoqda. An’anaviy savdo yo‘nalishlari o‘zgaryapti, texnologik markazlar yangidan shakllanyapti, raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellekt davlatlar raqobatbardoshligini belgilayotgan asosiy omilga aylanmoqda. Ana shunday murakkab va tezkor o‘zgarishlar sharoitida 2026-yil iyun oyida bo‘lib o‘tgan Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi nafaqat iqtisodiy muloqot, balki kelajak taraqqiyot modellari muhokama qilingan muhim siyosiy-iqtisodiy maydon sifatida namoyon bo‘ldi. Forumning eng muhim voqealaridan biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yalpi majlisdagi ishtiroki va ilgari surgan tashabbuslari bo‘ldi. O‘zA muxbiri mavzu yuzasidan siyosatshunos Sayfiddin Jo‘rayevning fikrini yozib oldi.
– Bugungi kunda O‘zbekiston va Rossiya munosabati oddiy ikki tomonlama aloqa doirasidan chiqib, keng qamrovli sheriklikka aylangan. Sankt-Peterburg forumida bildirilgan taklif va g‘oyalar ham ayni jarayon yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rsatdi. E’tiborli jihati shundaki, ilgari hamkorlik asosan savdo va sarmoya atrofida shakllangan bo‘lsa, endi raqamli iqtisodiyot, yuqori texnologiya, inson kapitali, sanoat kooperatsiyasi va atom energetikasi kabi strategik sohalar kun tartibi markaziga chiqmoqda.
Anjumanda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar bir-biri bilan uzviy bog‘liqligi diqqatga sazovor. Bu g‘oyalar alohida loyiha emas, balki kelajak iqtisodiyotini shakllantirishga qaratilgan yagona tizimning tarkibiy qismi sifatida namoyon bo‘ldi. Xususan, inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma onlayn-platforma yaratish taklifi yondashuvning muhim unsuridir.
Zamonaviy iqtisodiyot sharoitida tabiiy resursdan ko‘ra bilim va texnologiya foydaliroq qiymat yaratayotgani sir emas. Shu nuqtai nazardan RF bilan hamkorlikda ta’lim, IT-texnologiya, kasbiy tayyorgarlik va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan raqamli platformani shakllantirish tashabbusi kelajak uchun investitsiya sifatida baholandi. Zero, shu tariqa ikki mamlakat mehnat bozorini yaqinlashtirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash va raqobatbardosh inson kapitalini shakllantirish imkoni kengayadi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan yana bir muhim taklif bandlikning yagona raqamli profilini shakllantirish g‘oyasidir. Bir qarashda texnik tashabbusdek ko‘ringan ushbu taklif aslida iqtisodiy integratsiyaning yangi bosqichini anglatadi. Zero, raqamli mehnat bozori ishchi kuchi harakatini samarali tashkil etish, mutaxassislar ehtiyojini aniq taxmin qilish va sun’iy intellektga asoslangan yangi xizmat turlarini rivojlantirish mumkin.
Tashabbuslar asnosida raqamli transformatsiya sohasidagi maqsadimiz ham yaqqol namoyon bo‘ldi. O‘zbekiston yetakchisi qo‘shma raqamli ekotizim yaratish, raqamli savdo qoidasini yaqinlashtirish va milliy brendlarni o‘zaro platformalarda targ‘ib qilish zarurligini ta’kidladi. Bu kelajakda iqtisodiy aloqa asosan virtual makonga ko‘chishi bilan bog‘liq tendensiyaga mos.
Aslida XXI asr iqtisodiyotida raqamli maydon yangi transport yo‘lagi vazifasini bajarmoqda. Ya’ni, shunday platformani boshqarayotgan yoki ayni jarayonda faol ishtirok etayotgan davlat qo‘shimcha iqtisodiy afzallikka ega bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan biz uchun Rossiya bilan raqamli makondagi hamkorlikni kengaytirishga intilish iqtisodiy o‘sishning yangi manbalarini shakllantirishga qaratilgan uzoq muddatli strategiya sifatida ko‘riladi.
SPXIF-2026 doirasida yangragan raqamlar ham o‘zaro munosabat ko‘lamini ko‘rsatadi. So‘nggi o‘n yil ichida ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar aylanmasi uch barobardan ko‘p oshgan. Qo‘shma loyihalar qiymati 50 milliard dollarga yetgani esa aloqalarimiz savdo darajasidan chiqib, sarmoya va ishlab chiqarish hamkorligi bosqichiga o‘tganini anglatadi.
Eng muhimi, forumda yaqin istiqbol uchun mo‘ljallangan taxminan 5 milliard dollarlik yangi investitsiya to‘plami haqida ham ma’lum qilindi. Demak, nafaqat mavjud hamkorlik sur’ati saqlanib qolyapti, balki ikki davlat biznes doiralari kelajakka ishonch bilan qaramoqda.
Anjumanda ilgari surilgan tashabbuslar orasida sanoat kooperatsiyasi ajralib turadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev taklif etgan “Texnologik sanoatlashtirishning Yevrosiyo kamari” konsepsiyasi nafaqat ikki davlat munosabati, balki butun mintaqa iqtisodiy kelajagiga daxldor g‘oya sifatida baholanmoqda.
Mazkur tashabbus mohiyati ishlab chiqarish jarayonini o‘zaro bog‘lash, texnologiya klasterini shakllantirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarishdan iborat. Ya’ni, gap oddiy savdo munosabati emas, balki texnologiya yaratishdan tortib, kadr tayyorlash, mahsulotni ishlab chiqarish va tashqi bozorga olib chiqishgacha bo‘lgan yagona zanjir shakllantirish haqida ketyapti.
Jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan o‘zgarish mamlakatlarni yangi ishlab chiqarish modellarini izlashga undamoqda. Geosiyosiy raqobat, ta’minot zanjiridagi uzilish va texnologik cheklov sharoitida iqtisodiy barqarorlik ko‘p jihatdan ichki sanoat salohiyatiga bog‘liq. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida shakllanayotgan sanoat kooperatsiyasi har ikki mamlakat uchun uzoq muddatli iqtisodiy xavfsizlikning muhim omili sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Forum doirasida atom energetikasi sohasidagi hamkorlik ham yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘zbekiston iqtisodiyoti jadal rivojlanar ekan, quvvat resurslariga talab ham muttasil oshmoqda. Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, kelgusi o‘n yillikda mamlakatning elektr tokiga ehtiyoji qariyb ikki barobar ortadi. Bunday sharoitda atom energetikasi barqaror va uzoq muddatli quvvat manbai sifatida alohida ahamiyat kasb etadi.
Prezidentlar uchrashuvi doirasida AES qurilishiga start berilgani munosabatning eng muhim voqealaridan biri sifatida qayd etildi. Loyihaning o‘ziga xos jihati yirik va kichik quvvatli reaktorlarni birlashtirgan majmua asosida amalga oshirilayotganida. Bu esa O‘zbekistonning energetika mustaqilligini mustahkamlab, yuqori texnologiyali sanoat tarmog‘i rivoji uchun ham mustahkam zamin yaratadi.
Atom energetikasi faqat elektr energiyasi ishlab chiqarish bilan cheklanmay, yuqori malakali muhandislar, ilmiy tadqiqot va zamonaviy texnologiya tizimini ham talab qiladi. Shu bois Prezident tomonidan O‘zbekistonda MIFI milliy tadqiqot yadro universiteti filialini ochish tashabbusi ilgari surilishi bejiz emas. Shu tariqa kelajakda milliy muhandislik maktabimiz yanada kuchayadi.
Iqtisodiy hamkorlikning insonparvarlik o‘lchami ham e’tibordan chetda qolmadi. “Samarqand – Sankt-Peterburg” kreativ-turistik yo‘lagini tashkil etish taklifi ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy aloqani yangi mazmun bilan boyitishga qaratilgan. San’at festivali, kino forumi, muzey ko‘rgazmasi va gastronomiya tadbirlari xalqlarimiz o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Bugungi raqobat sharoitida iqtisodiy hamkorlik muvaffaqiyati ko‘p jihatdan insonlar o‘rtasidagi ishonch muhitiga bog‘liq. Shu ma’noda turizm, madaniyat va ta’lim sohasidagi aloqalar sheriklikning muhim tayanchi hisoblanadi. 2025-yil O‘zbekistonga qariyb bir million nafar rossiyalik sayyoh tashrif buyurgani ham ushbu jarayonning amaliy ifodasidir.
Forumda yangragan yana bir muhim g‘oya Markaziy Osiyoni mustaqil iqtisodiy o‘sish markazi sifatida shakllantirish masalasi bo‘ldi. Prezident ta’kidlaganidek, mintaqa endilikda faqat tranzit hududi yoki yirik davlatlar manfaati kesishadigan makon emas. Markaziy Osiyo tobora mustaqil iqtisodiy, demografik va investitsiyaviy salohiyatga ega bo‘lgan yangi o‘sish qutbiga aylanmoqda.
Bu jarayonda O‘zbekistonning o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi. Geografik joylashuvi, o‘sib borayotgan iqtisodiyoti va faol tashqi siyosati tufayli mamlakat Rossiya, Xitoy, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq bozorini bog‘lovchi muhim ko‘prik vazifasini bajarmoqda.
Transport yo‘lagi, energetika tarmog‘i, raqamli platforma va ishlab chiqarish zanjiri uyg‘unlashuvi aynan shu maqsadga xizmat qiladi.
Anjuman natijasi ko‘rsatdiki, O‘zbekiston – Rossiya munosabati yangi sifat bosqichiga chiqmoqda. Avval asosan savdo va iqtisodiy aloqa bilan belgilangan hamkorlik bugun texnologiya, atom energetikasi, raqamli transformatsiya, inson kapitali va madaniy diplomatiyani qamrab olgan keng qamrovli sheriklikka aylanmoqda.
Eng muhimi, ushbu jarayon ikki davlat manfaatidan tashqari, butun Yevrosiyo makonidagi iqtisodiy vaziyatga ta’sir ko‘rsatish salohiyatiga ega. Shu ma’noda Sankt-Peterburg forumida bildirilgan tashabbuslar nafaqat bugungi kun, balki kelgusi o‘n yilliklar taraqqiyoti uchun ham muhim siyosiy, iqtisodiy yo‘l xaritasi vazifasini bajarishi shubhasiz.
Musulmon Ziyo, O‘zA