Yaponiyaning 300 kishi yashaydigan orolida O‘zbekiston bayrog‘i hilpirab turibdi (+video)
Bugun, 18 noyabr mamlakatimiz hayotidagi eng muhim va tarixiy sanalardan biri – O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kun.
Suveren va mustaqil yurtimiz ramzi sifatida e’tirof etiladigan – ko‘k, yashil, oq va qizil rangdan tashkil topgan bayrog‘imizga bag‘ishlangan shodiyonalar nafaqat diyorimizda, balki butun yer yuzi bo‘ylab keng nishonlanmoqda, desak, hecham mubolag‘a bo‘lmasa kerak.
Zero, mana bir necha kundirki, O‘zbekiston Milliy axborot agentligining ko‘ngilli, jamoatchi hamkorlari orqali mazkur sana munosabati bilan chet davlatlarda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimizdan turli formatda tabriklar kelmoqda.
Jumladan, Yaponiyaning Fukuoka shahridagi pedagogika universiteti va umumta’lim maktabida o‘n ikki yildan buyon ingliz tilidan dars berib kelayotgan hamyurtimiz Sohibjon Abdullayev barcha o‘zbekistonliklarni muborak kun bilan samimiy qutlarkan, kasbiy faoliyatidan bayrog‘imiz bilan bog‘liq qiziqarli bir voqeani xotirladi:
– Bir kuni Yaponiyaning chekka hududida joylashgan kichik orolchadagi maktabga malaka oshirishga bordik. Bor-yo‘g‘i 300 nafarga yaqin fuqaro istiqomat qiladigan mitti quruqlik hududida, tabiiyki, birgina maktab bor edi, xolos. Mamlakatdagi boshqa zamonaviy maktablar qatori barcha sharoitga ega, tartib-qoidaga qat’iy rioya etiladigan mazkur ta’lim muassasasida 50-60 nafar atrofida o‘quvchi tahsil olardi.
Malaka oshirish davri yakunlangach, o‘zimiz yashab, ishlab turgan shaharga qaytayotib, oroldagi maktabga o‘zim bilan olgan O‘zbekistonimiz bayrog‘ini sovg‘a tariqasida qoldirishga qaror qildim. Ketar chog‘imiz maktab direktori biz bilan xayrlasharkan, menga shunday dedi:
– Dunyoning chekka bir joyiga, bizning orolimizga siz yoki boshqa bir yurtdoshingizning qadami yana yetadimi yo yo‘q, bilmayman. Binobarin, bu bayroq maktabimizda abadiy qoladi va eng qadrli sovg‘a sifatida asrab-avaylanadi. Orolda siz va mamlakatingiz haqida faqat yaxshi xotiralar qolyapti.
Xullas, har gal bayrog‘imizga qaraganimda, hayotimda yuz bergan o‘sha ajoyib voqea yodimga tushaveradi...
Milliy mulkimiz – bayrog‘imizni mudom yuqori – ko‘kka ko‘tarib, butun dunyoga namoyish etamiz, albatta. Bayrog‘imiz har vaqt mag‘rur hilpirayversin, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin. Bayram barchamizga muborak!
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/sPwb3nBafYY" title="Yaponiyaning 300 kishi yashaydigan orolidaO‘zbekiston bayrog‘i hilpirab turibdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi.
Yoqubjon Meliboyev (videomontaj),
O‘zA