“Talaba fest – 2026” yoshlar festivali yuqori kayfiyatda o‘tdi
Guliston davlat universitetida “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi doirasida tashkil etilgan “Talaba fest – 2026” festivali talabalarning intellektual salohiyati, ijodiy tafakkuri va zamonaviy qarashlarini namoyon etgan yirik yoshlar anjumaniga aylandi.
Festivalning ochilish marosimida universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Dilmurod Eshmurodov ishtirok etib, mamlakat taraqqiyoti bugun yoshlarning bilim va tashabbusiga tayanayotganini alohida ta’kidladi. U o‘z nutqida zamonaviy talaba nafaqat bilim oluvchi, balki jamiyatni yangilashga qodir innovatsion g‘oyalar muallifi, kelajak taraqqiyotining muhim harakatlantiruvchi kuchiga aylanib borayotganini qayd etdi.

– Yangi O‘zbekistonni barpo etishda bilimli, tashabbuskor va kreativ yoshlarning o‘rni beqiyos. Bugungi festival ana shu salohiyatning yorqin ifodasidir, – dedi prorektor.

Tadbir davomida talabalar turli yo‘nalishlarda o‘z iqtidorlarini namoyon etdilar. Intellektual bellashuvlar, tezkor savol-javoblar, innovatsion g‘oyalar taqdimoti va startap loyihalar festivalga alohida ruh bag‘ishladi. Ayniqsa, axborot texnologiyalari, ta’lim, ekologiya, tadbirkorlik va ijtimoiy tashabbuslarga oid yoshlar loyihalari ishtirokchilar hamda mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Festival doirasida tashkil etilgan madaniy chiqishlar, musiqiy dasturlar va ijodiy namoyishlar tadbirga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Yosh ijodkorlarning sahna chiqishlari, milliy va zamonaviy san’at uyg‘unligi festival muhitini yanada jozibador qildi.

Eng muhimi, “Talaba fest – 2026” yoshlarni birlashtirgan, ularni yangi marralar sari ruhlantirgan maydonga aylandi. Tadbir har bir ishtirokchiga yangi tajriba, kuchli motivatsiya va unutilmas xotiralar taqdim etdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri