Yaponiyada tayfun oqibatida halok bo‘lganlar soni 9 kishiga yetdi
Hafta boshida Yaponiyaga yopirilgan “Dutszyuan” tayfuni oqibatida halok bo‘lganlar soni 9 kishiga yetdi. Mamlakat Meteorologiya agentligi (JMA) xabariga ko‘ra, tabiiy ofat Tokio va yana bir necha mintaqaning sharqiy hududlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishda davom etyapti. Bu haqda “Anadolu” xabar bergan.
Mutaxassislar shiddatli yomg‘ir hafta oxirigacha davom etishidan ogohlantirmoqda. “Kyodo” axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, qurbonlarning olti nafari Tiba, uchalovi Kanagava muzofoti aholisi.
Ayni payt to‘fon sabab yo‘qolgan to‘rt fuqaroni qidirish va boshqa qutqaruv ishlari jadal olib borilmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA