Yaponiya tajribasiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi
Bugungi global iqtisodiyot sharoitida hududlarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, mahalliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish hamda raqobatbardosh brendlarni shakllantirishda zamonaviy marketing strategiyalari hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Ana shu maqsadda Buxoro shahrida “Samarali marketing strategiyasini amalga oshirish: Yaponiyaning amaliy tajribasi” mavzusida amaliy seminar tashkil etildi.
Mazkur seminarda viloyat, shahar va tuman hokimliklarining iqtisodiy rivojlanish, investitsiya va tashqi iqtisodiy aloqalar yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan mas’ul xodimlari ishtirok etib, xalqaro tajribalar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Seminar davomida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning mas’ul mutaxassislari Mazakazu Xirakava va Kiminyo Myong tomonidan zamonaviy marketingning eng dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha atroflicha taqdimotlar o‘tkazildi. Unda samarali marketing strategiyasini ishlab chiqishning asosiy tamoyillari, brend marketingi, mahsulot dizayni, bozor va iste’molchilar ehtiyojini tahlil qilish, ma’lumotlarga asoslangan qaror qabul qilish, simulyatsiya usullaridan foydalanish, milliy brendlarni yagona konsepsiya asosida namoyish etish hamda xalqaro ko‘rgazma va marketing tadbirlarini hamkorlikda tashkil etish masalalari batafsil yoritildi.

Yaponiyalik ekspertlar o‘z ma’ruzalarida marketing nafaqat mahsulotni sotish, balki hududning nufuzini oshirish, milliy brendni shakllantirish va tashqi bozorlarda mustahkam o‘rin egallashning muhim vositasi ekanini alohida ta’kidladilar. Ular mahalliy ishlab chiqaruvchilarni xalqaro bozor talablari asosida ishlashga yo‘naltirish, eksport salohiyatini oshirish, konsalting xizmatlaridan samarali foydalanish hamda jahon bozori tendensiyalarini muntazam o‘rganish bo‘yicha amaliy tavsiyalarini taqdim etdi.
Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, mahalliy mahsulotlarning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladigan ilg‘or yondashuvlar muhokama qilindi.

Seminar ishtirokchilari taqdim etilgan bilim va tajribalar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldilar. O‘zaro muloqot va fikr almashuvlarga boy o‘tgan tadbir qatnashchilar uchun amaliy ahamiyatga ega bo‘lib, zamonaviy marketing instrumentlarini davlat boshqaruvi va hududiy iqtisodiyotda samarali qo‘llash bo‘yicha muhim bilim va ko‘nikmalarni mustahkamladi.
Buxoroda tashkil etilgan mazkur seminar Yaponiyaning ilg‘or tajribasini o‘rganish, xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish va mahalliy mahsulotlarning jahon bozorida munosib o‘rin egallashiga xizmat qiladigan yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Bu esa kelgusida hududning eksport salohiyatini yuksaltirish, milliy brendlar nufuzini oshirish hamda iqtisodiy taraqqiyotning yangi bosqichiga chiqish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri