Daraxtlarning nafas olishi nega muhim?
Daraxtlar shaharlar havosini tozalaydi, iqlimni yumshatadi, soya-salqinlik yaratadi va ekologik muvozanatni saqlashda beqiyos ahamiyatga ega.
Biroq, ularning sog‘lom o‘sishi nafaqat parvarishga, balki ildiz tizimining erkin nafas olishiga ham bevosita bog‘liq. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, daraxt atrofini betonlash uning hayotiga jiddiy xavf tug‘dirib, asta-sekin qurib qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xodimlari tomonidan daraxtlarga shikast yetkazish holatlarining oldini olish, xususan, ularning ildiz qismi betonlanishiga qarshi doimiy reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda. Chunki daraxt atrofini beton bilan qoplash bir qator salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi.
Eng avvalo, beton ildizlarga kislorod yetib borishini cheklaydi. Bu esa mayda ildizlarning qurishi, daraxt o‘sishining sekinlashishi va uning umumiy holati yomonlashishiga olib keladi.
Shuningdek, yomg‘ir suvi tuproqqa singmaydi. Natijada ildizlar tabiiy namlikdan mahrum bo‘ladi, qo‘shimcha sug‘orishga ehtiyoj ortadi hamda daraxtning qurg‘oqchilikka chidamliligi pasayadi.
Betonlash tuproqning zichlashishiga ham sabab bo‘ladi. Bu esa foydali mikroorganizmlar faoliyatining susayishi, gumus hosil bo‘lishining sekinlashishi va yangi ildizlarning o‘sishi cheklanishiga olib keladi.
Yoz faslida beton yuzasi 50–70 darajagacha qizishi mumkin. Bu holat ildizlarni qizdirib yuboradi, tuproq tez quriydi va daraxt issiqlik stressini boshdan kechiradi.
Bundan tashqari, betonlash natijasida ildizlarning tabiiy rivojlanishi to‘xtaydi. Oqibatda daraxtning barqarorligi pasayib, kuchli shamollarda ag‘darilib ketish xavfi ortadi.
Mutaxassislar zaiflashgan daraxtlarda zamburug‘ kasalliklari, zararkunandalar va qurish holatlari ham ko‘proq uchrashini ta’kidlamoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, daraxtlarga shikast yetkazish Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasiga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. Unga ko‘ra, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 25–50 baravari, mansabdor shaxslarga esa 50–75 baravari miqdorida jarima qo‘llaniladi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi fuqarolarni tabiatga mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishga, daraxtlar atrofini betonlamaslikka hamda ularga har qanday shikast yetkazishdan tiyilishga chaqirmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA