Yaponiya o‘z tinchliksevarlik tamoyillaridan voz kechmoqda(mi)?
Sharros quyayotgan yomg‘ir ostida Tokio ko‘chalarida olomon to‘plandi. Odamlarning qo‘llarida suvdan ivib ketgan plakat va bayroqlar. Ulardan birida yapon tilida atigi uchta so‘z yozilgan: “Urushga yo‘l yo‘q!”.
Bugungi kunda Yaponiyada mana shu xitob tobora balandroq va shiddatliroq yangramoqda. Mamlakat so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yirik namoyishlarga guvoh bo‘lmoqda.
2025-yilning oktabr oyida hokimiyat tepasiga kelgan bosh vazir Sanae Takaichi o‘lkaning Ikkinchi jahon urushidan keyingi tinchliksevarlik (patsifizm) yo‘lidan sezilarli darajada chekina boshladi. Xususan, qurol-yarog‘ eksportiga qo‘yilgan ko‘p yillik taqiqlar bekor qilindi va yapon armiyasining xorijdagi harbiy ishtirokini kengaytirish bo‘yicha muhim qadamlar tashlandi.

Hukumat bunday keskin choralarni mintaqada ortib borayotgan xavf-xatarlar va milliy xavfsizlikni ta’minlash zarurati bilan izohlamoqda. Biroq oddiy aholi orasida bu qarorlar jiddiy xavotir va sarosimaga sabab bo‘ldi.
Kunchiqar yurt yana “harbiy salohiyatga ega davlat”ga aylanib borayotgani haqidagi turli mish-mishlar namoyishlarning yangi to‘lqinini boshlab berdi.
Aslida, yapon jamiyatida ommaviy norozilik chiqishlari ancha vazmin va tartibli o‘tishi bilan ajralib turadi. Bu xalq madaniyatida ijtimoiy totuvlikni asrash va atrofdagilarga noqulaylik tug‘dirmaslik tushunchasi juda kuchli. Shu bois, agar odamlar ko‘chalarga minglab odam bo‘lib chiqishayotgan bo‘lsa, demak, jamiyatning eng ichki qatlamlarida qandaydir jiddiy va og‘riqli jarayon kechmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA