750 yillik sir: Bir vaqtlar Oksfordda kitob oltindan qimmat edi
Tasavvur qiling: sukunat hukmron tor yo‘lak, yog‘och hidiga to‘yingan havo va qadimiy kitoblar qatori. Oddiy kutubxona emas, balki Oksford universiteti hududida joylashgan, asrlar davomida sinoatini yashirib kelayotgan o‘rta asr mo‘’jizasi.
Bu yerda vaqt to‘xtagandek. Ko‘hna devor nafaqat kitoblar, balki butun bir davr ruhini saqlab turadi. Mazkur inshoot shunchaki mutolaa joyi emas, o‘tmish bilan bugunni bog‘lovchi ramziy ko‘prik.

O‘rta asrlarda kitob boylik sanalgan. Yaxshi asarni yo‘qotish yoki o‘g‘irlash xavfi juda yuqori bo‘lgan. Shu bois kutubxona ashyolari zanjir bilan javonga mahkamlab qo‘yilgan. Ha, bilim ham zanjirlangan edi – himoyalash uchun.
Oksford kutubxonasiga kirgan odam o‘qish asnosida o‘tmishga qaytadi. Qo‘lyozmalar orasida talaba yoki olim o‘sha davr insonlarining fikrlash tarzini his qiladi. Har bir sahifa – ortdan kelayotgan ovoz.
Bu maskanda tartib ham o‘zgacha: asarlar biz odatlanganimizdek emas, balki boshqacha joylashtirilgan. Har bir unchur o‘rta asr aql-zakovati namunasi.

Asrlar davomida o‘zgarmagan bilim o‘chog‘ining ahamiyati yillar o‘tib, yanada ortgan. Shu manzilda ishlagan, o‘qigan, izlangan insonlar majmuaning boy tarixini yaratganlar.
Oshyonning eng ulkan yutug‘i uzluksizligida – yopilmaydi, tashlab qo‘yilmaydi, mudom nafas oladi. Odamlar bu yerga hamon ilm izlab keladi.
BBC ta’riflaganidek, Oksford kutubxonasi muzlagan tarix emas, vaqt kapsulasi: yashaydi, gapiradi, eshitadi.

Bugungi raqamli dunyoda bir tugmachani bosish bilan minglab kitobni topish mumkin. Binobarin, bu kutubxonada bir asarga qo‘l tekkizishning o‘ziyoq butun bir sayohat.
Yuqorida aytganimiz – zanjirlar cheklov emas, shunchaki eslatma: bilim har doim qadrlangan. Beqiyos boylikni asrash uchun esa inson turli yo‘llarni tanlagan.
Oksford ziyo maskani bizga bir haqiqatni ta’kidlaydi: texnologiya o‘zgaradi, davr almashadi, ilmga ehtirom abadiy qoladi.
Musulmon Ziyo, O‘zA