Qirolichaning sirli tuni: Yelizaveta II xalq orasiga yashirincha kirgan tarixiy lahzalar
1945-yil 8-may – Yevropada Ikkinchi jahon urushi tugagan kun. Bu sana millionlab odamlar uchun ozodlik, yengillik va quvonch ramziga aylangan. Binobarin, o‘sha kuni Londonda sodir bo‘lgan bir voqea tarix sahifalarida alohida o‘rin egallaydi: hali taxtga o‘tirmagan yosh malika – Yelizaveta II oddiy inson sifatida ko‘chadagi bayramga qo‘shilgan.
Bu voqea haqida qirolicha 1985-yil BBC telekanaliga bergan intervyusida ilk bor ochiq gapirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha tun hayotida o‘chmas iz qoldirgan. Olti yillik urushdan keyin xalqda yig‘ilib qolgan his-tuyg‘ular bir zumda portlagan: ko‘zlarda quvonch yoshlari, umid uyg‘unlashgan.

O‘sha kech 19 yoshli malika Yelizaveta singlisi Margaret bilan Bukingem saroyidan yashirincha chiqqan. Ular oddiy kiyimda, tanilmaslikka harakat qilib, minglab olomon orasiga singib ketadi. Qirol oilasi uchun bu kishi tasavvuriga sig‘mas holat edi.
Qirol Georg VI qizlariga bu tajribani boshdan kechirishga ruxsat bergan. U kundaligida “Bechora qizlar, ular hali haqiqiy quvonchni ko‘rmagan”, deb yozgan edi. Ayni qaror ortida dilbandlariga oddiy insonlar hayotini his qilish imkonini berish istagi yotgan bo‘lsa, ajabmas...

London ko‘chalarida o‘sha kecha haqiqiy bayram muhiti hukm surgan. Odamlar bir-birini quchoqlab, qo‘shiq aytib, raqsga tushgan. Yelizaveta II keyinchalik bu holatni “baxt va yengillik to‘lqiniga qo‘shilib ketganday bo‘ldik” deya eslagan.
Yosh malika o‘zini tanitishdan qo‘rqqan. U harbiy bosh kiyimni ko‘zlarigacha tushirib olgan va oddiy xalq bilan yelkama-yelka yurib, birga quvongan.

Bu kecha nafaqat shaxsiy erkinlik hissi, balki qirol oilasi va xalq o‘rtasidagi ruhiy yaqinlik ramziga aylandi. Malika birinchi marta himoya devorisiz, el bilan bevosita muloqotda bo‘lgan.
To‘g‘ri, Ikkinchi jahon urushi yillari ham Yelizaveta jamoatchilik oldida chiqish qilgan. Masalan, 1940-yil radio orqali bolalarga murojaat yo‘llagan. Boshqacha aytganda, u xalq dardi va kayfiyatini yaxshi his qilardi. G‘alaba kechasi esa shu tuyg‘u eng yuqori nuqtasiga chiqqan.

Oradan o‘nlab yil o‘tgach ham, qirolicha o‘sha daqiqalarni alohida ehtirom bilan yodga olib, nafaqat bayram, balki hayotidagi eng samimiy, erkin lahzalar sifatida ta’riflagan.
2020-yil, pandemiya avj olgan davrda Yelizaveta II xalqqa murojaat qilib, o‘sha kunlarni yana bir bor esladi. Har qanday qiyinchilikni birlik, sabr orqali yengish mumkinligini ta’kidladi.
Tarixiy voqea shuni ko‘rsatadiki, hatto eng yuqori maqomdagi inson ham kun kelib oddiy inson qatori quvonishni istaydi. Aynan shu lahzalar uni xalqqa yanada yaqinlashtiradi.
Musulmon Ziyo, O‘zA