Yaponiya kompaniyasi bilan ekologik hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Yaponiyaning “Sumitomo Corporation” kompaniyasi infratuzilma biznesi departamenti direktori Sosuke Ishida boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanayotgani, ayniqsa, barqaror taraqqiyot, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda ekologik infratuzilmani takomillashtirish sohalaridagi sheriklik yangi bosqichga ko‘tarilayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan beshta umummilliy ekologik loyiha — “Yashil makon”, “Toza havo”, “Chiqindisiz hudud”, “Biomeros” va “Ekologik madaniyat” dasturlari muhokama markazida bo‘ldi.

Yapon tomoni O‘zbekistonda ekologik sohada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni yuqori baholab, “Sumitomo Corporation” kompaniyasi Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan hamkorlikda dunyoning 20 dan ortiq mamlakatida ekologik va infratuzilma loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirayotganini ma’lum qildi.
Muzokaralarda iqlim o‘zgarishiga moslashish, issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirish hamda energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Yapon mutaxassislari issiqxonalar uchun issiqlik nasoslari asosidagi zamonaviy isitish, shamollatish va konditsiyalash tizimlari bo‘yicha xalqaro tajribani taqdim etdi.

Xususan, Turkmanistonda “Daikin” kompaniyasi texnologiyalari asosida barpo etilgan zamonaviy issiqxona majmuasi misoli keltirilib, O‘zbekistonda ham ko‘mir yoqilg‘isiga asoslangan isitish tizimlarini bosqichma-bosqich energiya tejamkor texnologiyalarga almashtirishga qaratilgan pilot loyihani amalga oshirish taklif etildi.
Shuningdek, Samarqand viloyatidagi “Green Territory” loyihasi hududida energiya tejamkor isitish texnologiyalarini sinovdan o‘tkazish uchun namoyish maydonchasini tashkil etish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida ekspertlar darajasidagi maslahatlashuvlarni davom ettirish, ustuvor loyihalar ro‘yxatini shakllantirish hamda issiqxona xo‘jaliklarini modernizatsiya qilishga qaratilgan pilot loyihani, shu jumladan uni moliyalashtirish mexanizmlarini birgalikda ishlab chiqishga kelishildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA