Akademiya kursanti inson hayotini saqlab qoldi
Ichki ishlar organlari xodimi har qanday vaziyatda hushyorlik, tezkorlik va mas’uliyat bilan harakat qilishi lozim. Ayniqsa, inson hayoti bilan bog‘liq holatda to‘g‘ri qaror qabul qilish va fidoyilik ko‘rsatish kasbiy tayyorgarlikning muhim mezoni sanaladi.
Poytaxtimizning Uchtepa tumanida yuz bergan voqea IIV akademiyasida tahsil olayotgan kursantlar ana shunday mas’uliyatli vazifalarga har tomonlama tayyorlanayotganini amalda namoyon etdi.
Ayni kunlarda “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik oyligi doirasida joylarda kuchaytirilgan tartibda tadbirlar olib borilmoqda. Ularda IIV akademiyasi kursantlari ham jamoat tartibini saqlash, fuqarolar osoyishtaligini ta’minlash, jinoyatlarning barvaqt oldini olish va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan vazifalarni bajarmoqda. Yoshlar xizmat jarayonida zimmalaridagi vazifalarga yuksak mas’uliyat bilan yondashib, hududlar xavfsizligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shmoqda.
Ana shunday tadbirlarga jalb qilingan Akademiya kursanti Davlatjon Xayrullayev ham kutilmagan vaziyatda o‘zini yo‘qotmadi. U hushyorligi va qat’iyati bilan bir inson hayotini saqlab qoldi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 2-iyul kuni taxminan soat 16:30 larda 26 yoshli fuqaro A.S. “Bo‘zsuv” kanalining tuman hokimligi yaqinidan oqib o‘tuvchi qismida o‘zini suvga tashlagan. Bu haqda xabar kelib tushgani zahoti kursant unga murabbiy etib biriktirilgan patrul-post xizmati xodimi bilan birga voqea joyiga yetib borgan. Holatga tezkor baho berilib, fuqaroni suvdan olib chiqish choralari ko‘rilgan.
– O‘sha kuni Uchtepa tumani hokimligida sayyor qabul o‘tkazilayotgan edi. Biz jamoat tartibini saqlashga jalb qilingan edik. Fuqaro o‘zini suvga tashlagani haqida xabar berildi. Murabbiyim bilan darhol voqea joyiga bordik. Uni suvdan olib chiqib, zarur yordam ko‘rsatdik va tez tibbiy yordam xodimlarini chaqirdik, – deydi Davlatjon Xayrullayev.
Qutqarilgan fuqaroning ahvoli yaxshi. Ayni vaqtda u shifokorlar nazoratida.
Davlatjon Xayrullayevning dadil harakati uning xizmatga puxta tayyorgarlik ko‘rganini, kutilmagan vaziyatda tez va to‘g‘ri qaror qabul qila olishini ko‘rsatdi. Bu kabi fazilatlar ichki ishlar organlari xodimi uchun eng muhim kasbiy talablardan biri hisoblanadi.
Eng muhimi, o‘z vaqtida ko‘rsatilgan yordam tufayli bir insonning hayoti saqlab qolindi.
O‘zA