Murojaatlarning 94,2 foizi ijobiy hal etildi
Suv xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati rahbari Shuhrat Suyunovning ma’lum qilishicha, 2026-yilning birinchi yarim yilligida vazirlik markaziy apparatiga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 1 476 ta murojaat kelib tushgan.
Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 824 taga kam. Ma’lumot uchun, 2025-yilning birinchi yarim yilligida vazirlikka 2 300 ta murojaat kelib tushgan.
Kelib tushgan murojaatlar Prezidentning Xalq qabulxonalari, Bosh vazir va Bosh prokuraturaga yo‘llangan arizalar, shuningdek, elektron xatlar, vazirlikning ishonch telefoni va pochta aloqasi orqali qabul qilingan.
Tahlillarga ko‘ra, murojaatlarning asosiy qismi irrigatsiya va melioratsiya hamda suvdan foydalanish masalalariga to‘g‘ri kelgan. Qolgan murojaatlar nasos stansiyalari va tik quduqlar faoliyati, davlat-xususiy sheriklik, kapital qurilish, ijtimoiy masalalar, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, tashkilotlar rahbarlari faoliyati hamda investitsiyalarni jalb etish bilan bog‘liq masalalarni qamrab olgan.
Hududlar kesimida eng ko‘p murojaatlar Farg‘ona, Surxondaryo, Qashqadaryo va Namangan viloyatlaridan kelib tushgan.
Vazirlik vakolati doirasida ko‘rib chiqilgan 1 231 ta murojaatning 1 160 tasi, ya’ni 94,2 foizi ijobiy hal etilgan. Qolgan murojaatlar bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan yoki tegishliligiga ko‘ra boshqa davlat organlariga yuborilgan. Qayd etilishicha, murojaatlarni ko‘rib chiqishda qonunchilikda belgilangan muddatlarga to‘liq rioya qilingan.
Shuhrat Suyunovning ta’kidlashicha, vazirlik hamda uning hududiy tizim tashkilotlarida kecha-kunduz faoliyat yurituvchi Call-center markazlari ishlab turibdi. Fuqarolarning muammolarini tezkor hal etish maqsadida ularni mas’ul mutaxassislarga bevosita ulash amaliyoti ham yo‘lga qo‘yilgan.
N.Ziyodullayeva, O‘zA