Yangilanayotgan ipak yo‘li
Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekiston hamkorligida qurilishi boshlangan temir yo‘l har uchala davlat iqtisodiyoti uchun beqiyos ahamiyatga ega. Ushbu yo‘l mintaqamiz taraqqiyotida Markaziy Osiyo davlatlarining geoiqtisodiy maqomini ham belgilab beradi.
“Temir yo‘l – iqtisodiyotning qoni” degan gap bugun ham qadrini yo‘qotgani yo‘q. Ayniqsa suv yo‘lidan uzoq davlatlar yuk tashishda yakuniy manzilni yaqin, odamlar mushkulini oson qiladigan temir yo‘l qadrini juda yaxshi bilishadi.
Masalaning yana bir muhim jihati bor. Ishchilar hamkorlikda ishlab, o‘zaro tajriba orttiradi. Natijada xalqlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatning ishonch eshigi yanada kengroq ochiladi.
Bugun dunyo iqtisodiyoti shakl-shamoyili keskin o‘zgarmoqdaki, buning asosiy sababi yirik davlatlar o‘rtasidagi geosiyosiy va texnologik manfaat to‘qnashuvi bo‘zchining mokisiday tezlashib, kutilmagan tomonlarga burilmoqda. Ayrim hollarda boshi berk ko‘chaga kirib, o‘zanini yo‘qotib ham qo‘ymoqda. Voqealar rivoji endigina taraqqiyot yo‘liga tushib olgan davlatlarni hisobdan adashtirib qo‘ymoqda. Hamkorlikda belgilangan rejalar o‘zgarib yoki to‘xtab qolish holatlari ham yuz beryapti. Bu ishlab chiqarish, xizmat va iste’mol bozori rivojiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shuning uchun ham mazkur tashabbus imkon qadar tezroq amaliyotga tatbiq etilishidan uchala davlat ham manfaatdor.

Nega? Savolga javob berishga urinamiz. Bu yo‘l XXI asr Markaziy Osiyo tarixiga yirik hayot yo‘li sifatida kiradi. Ya’ni, mintaqani global temir yo‘l tizimiga bog‘lovchi qadim Ipak yo‘lining zamonaviy qiyofasini yaratadi. Shu nuqtai nazardan yirik infratuzilma ob’ekti sifatida e’tirof etiladi. Qashqar – Torugart – Makmal – Jalolobod – Andijon yo‘nalishi bo‘yicha masofa 532 km. Loyiha 4,7 milliard dollarga baholangan. Xalqaro kelishuvga ko‘ra, Xitoy qo‘shma korxonada 51, Qirg‘iziston va O‘zbekiston 24,5 foizdan ulushga ega.
Tabiiyki, tashabbusni amalga oshirish oson kechayotgani yo‘q. Bir necha yil davomida ishtirokchi davlatlar o‘rtasida olib borilgan davomli muhokamadan so‘ng xalqaro tartib-taomilga asosan ish boshlandi.
Loyihani birgalikda himoya qilish to‘g‘risidagi bitim 2024-yil 6-iyunda imzolangan. Tantanali boshlash marosimi o‘sha yil 27-dekabr kuni Jalolobod viloyatida bo‘lib o‘tgan qurilishni yakunlash 2030-yil boshiga mo‘ljallangan.
Yangi Markaziy Osiyo uchun hayot yo‘li bo‘lmish magistral Xitoyni Yaqin Sharq mamlakatlari bilan bog‘laydigan masofani 900 km qisqartiradi. Yuk yetkazish vaqti 7-8 kun kamayadi. Ayni jihati bilan qit’a ko‘prigining janubiy bo‘lagi o‘laroq, Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Turkiya va Yevropa Ittifoqi bozorlariga eshik ochadi.
Uch davlat barpo etayotgan mazkur “Ipak yo‘li” bugun va kelajak yo‘l me’morchiligida hayotiy zarurat ekani bilan ham beqiyos ahamiyatga ega.
Yer yuzida sodir bo‘layotgan pinhona siyosiy tebranishlar butun dunyo bo‘ylab turli inqirozlarni kuchaytirayotgan sharoitda davlatlar o‘z iqtisodiyotini sun’iy bo‘hrondan omon saqlashi juda muhim. Shu mezon orqali qaralsa, O‘zbekiston har bir voqea-hodisaga puxta o‘ylangan reja asosida, manfaatli, himoyalangan qarorlar qabul qilayotgani ayonlashadi. Zamona zayli o‘zgarib borayotgan bir payt bu o‘ta muhimdir.
Abdug‘afur Mamatov, O‘zA