Kriminologiya – xavfsiz jamiyatni ilm asosida barpo etish vositasi
Jinoyat sodir bo‘ldi, aybdor aniqlandi, sud hukmi chiqarildi va jazo tayinlandi. Bir qarashda, davlat o‘z vazifasini bajargandek. Ammo muhim savol ochiq qoladi: nega bu jinoyat sodir bo‘ldi va uning takrorlanishiga qanday yo‘l qo‘ymaslik mumkin?
Kriminologiya tadqiqot instituti yetakchi ilmiy xodimi Muhammadmirzo A’loxonov shu kabi savollarga javob berdi:
– Jinoyatchilik, ayniqsa, kiberjinoyatchilikning kelib chiqish sabablariga oid savollarga javob izlaydigan fan – kriminologiya.
Jinoyat huquqi sodir etilgan qilmishga huquqiy baho berish va jazo tayinlash masalalarini hal qilsa, kriminologiya jinoyatchilikning sabablari, shart-sharoitlari, tendensiyalari va oldini olish choralarini o‘rganadi. Sodda qilib aytganda, uning muhim vazifasi – navbatdagi jinoyat sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik.
Kriminologiya faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarga kerak bo‘lgan soha emas. Masalan, yoshlar jinoyatchiligining ortishiga ishsizlik, ta’limdan uzilish, oilaviy muammolar yoki salbiy muhit ta’sir qilishi mumkin. Firibgarlikning ko‘payishi esa aholining raqamli savodxonligi, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va to‘lov tizimlari xavfsizligi bilan bog‘liq.
Shuning uchun jinoyatchilikning oldini olishda ichki ishlar organlari bilan birga mahalla, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari, bandlik xizmatlari, bank-moliya tizimi, fuqarolik jamiyati va oila ham ishtirok etishi lozim. Kriminologiya jinoyatchilikni alohida hodisalar yig‘indisi emas, balki ijtimoiy, iqtisodiy, psixologik va boshqa omillar bilan bog‘liq murakkab jarayon sifatida o‘rganadi.
Mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasiga e’tibor 2017-yildan boshlab yangi bosqichga ko‘tarildi. Prezidentimiz huquqbuzarliklar sabablari va ularning sodir etilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish va bartaraf etishni muhim vazifa sifatida belgilab berdi. Bu jinoyat sodir etgan shaxsni jazolash bilan cheklanmay, jinoyatning sabablarini aniqlashga qaratilgan yondashuvni kuchaytirdi.
2021-yilda Ichki ishlar vazirligi tizimida Jamoat xavfsizligi masalalari ilmiy-amaliy tadqiqotlar markazining tashkil etilishi ham kriminogen vaziyatni ilmiy tahlil qilish va profilaktika samaradorligini baholashga xizmat qilmoqda.
2024-yilda O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti tashkil etilib, kriminologiya sohasidagi ilmiy-amaliy tadqiqotlarni tashkil etishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.
Hujjatlarda jinoyatchilik, jumladan, latent jinoyatchilikni tahlil qilish va prognozlash, jinoyatlarning asl omillarini aniqlash, sun’iy intellekt hamda zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish kabi vazifalarga e’tibor qaratildi.
Kriminologiya tadqiqot instituti hududlardagi jinoyatchilik va uning omillarini o‘rganishga qaratilgan ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirmoqda. Ayni paytda 20 dan ortiq yirik tadqiqot loyihasi yakunlandi, 35 ga yaqin tadqiqot ustida ish olib borilmoqda.
Tadqiqotlarda statistik ma’lumotlarni tahlil qilish bilan birga, mahallalardagi ijtimoiy muhit va jinoyat sodir etilishiga ta’sir ko‘rsatuvchi real sharoitlarni o‘rganishga ham e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Toshkent shahrining Yakkasaroy, Chilonzor va Shayxontohur tumanlari, shuningdek, Toshkent va Samarqand viloyatlaridagi kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarda ishlar “ilmiy xulosa - tavsiya – natija” tamoyili asosida tashkil etilmoqda.
Bunday yondashuvning asosiy maqsadi – muammoni aniqlash, uning sabablarini o‘rganish, manzilli choralarni ishlab chiqish va ularning samaradorligini baholash. Zero, ilmiy tadqiqotning qiymati faqat maqolalar soni bilan emas, balki jinoyatlarning oldini olishga qo‘shgan hissasi bilan ham o‘lchanadi.
Har bir jinoyat ortida esa jabrlanuvchi, oila, jamiyatga yetkazilgan zarar va odamlarning xavfsizlik hissi turadi. Shuning uchun davlatning yutug‘i faqat jinoyatlarni ochish va aybdorlarni jazolashda emas, balki jinoyat sodir bo‘lishiga imkon beruvchi omillarni oldindan aniqlab, ularni bartaraf etishda ham namoyon bo‘ladi.
Buning uchun jinoyatchilikni qayd etish bilan cheklanmasdan, uni tushunish, tahlil qilish, prognozlash va ilmiy tavsiyalarni amaliyotga tatbiq etish zarur.
Kriminologiyasiz davlat ko‘pincha sodir bo‘lgan jinoyatga baho beradi. Kuchli kriminologiya esa kelajakdagi xavflarni aniqlash, ehtimoliy jabrlanishning oldini olish va samarali profilaktik choralarni ishlab chiqish imkonini beradi.
Demak, kriminologiya – xavfsiz jamiyatni ilm asosida barpo etish vositasi. Zero, jinoyatni ochish qanchalik muhim bo‘lsa, uning sodir bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik ham shunchalik muhim.
N.Abduraimova,
O‘zA