Yangi Toshkent: buyuk kelajak sari qadam
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va zamonaviy shaharsozlikning yangi bosqichi sifatida qad rostlayotgan Yangi Toshkent loyihasida bunyodkorlik ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda. Yaqinda Davlatimiz rahbari ushbu ulkan hududga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik jarayonlari va istiqbolli loyihalar bilan bevosita tanishdi.


Yangi Toshkent — shunchaki yangi turar joylar majmuasi emas, balki zamonaviy me’morchilik yechimlari, qulay infratuzilma va «yashil» shahar tamoyillari uyg‘unlashgan kelajak maskanidir. Bugungi kunda bu yerda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan bir qatorda, shinam turar joylar, zamonaviy ijtimoiy va madaniy ob’ektlar jadal barpo etilmoqda. Har bir bino va inshootni qurishda aholining mazmunli yashashi, mehnat qilishi va hordiq chiqarishi uchun barcha qulayliklar alohida e’tibor bilan ko‘zda tutilgan.



Shaharning kelajak qiyofasini shakllantirishda ma’rifat, ilm-fan va innovatsiyalarga alohida urg‘u berilgan. Xususan, Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti hamda Yangi O‘zbekiston universitetining zamonaviy kampuslari yoshlarning sifatli ta’lim olishi, ilmiy izlanishlar olib borishi va yuqori malakali mutaxassis bo‘lib yetishishi uchun noyob platforma yaratadi.


Shuningdek, hududda qad rostlayotgan muhtasham kutubxona nafaqat kitob mutolaasi, balki intellektual muloqot va axborot almashinuvi markaziga aylanib, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Muxtasar aytganda, Yangi Toshkentda amalga oshirilayotgan har bir ezgu tashabbus mamlakatimizning ertangi dorulomon kunlari, kelajak avlodlarimizning munosib va farovon hayoti uchun qo‘yilayotgan mustahkam poydevordir.
[gallery-31933]
Sh.Tohirov,
O‘zA