Yangi O‘zbekistonning ilk diniy magistrlari: Ilm va ma’rifat yo‘lidagi tarixiy qadam
«Bugungi tahlikali dunyoda xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga islom mohiyatini to‘g‘ri tushuntirib berish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois yurtimizda diniy ta’lim sifatini yanada oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda». Shavkat MIRZIYOEV,O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Bir asrlik reja va ma’rifatga sarmoya
Donishmandlarning «Agar sizning rejangiz bir yillik bo‘lsa – sholi eking. O‘n yillik bo‘lsa – daraxt o‘tqazing. Agar bir asrlik bo‘lsa – farzandlaringizga ta’lim-tarbiya bering», degan hikmatli naqli bor.
Jamiyat ravnaqi va Vatan taraqqiyotiga ta’lim-tarbiyachalik beqiyos xizmat qiladigan boshqa kuch yo‘q. Tarix sahifalaridan turli davrlarning yirik boy-jujjorlari nomi vaqt o‘tib o‘chib ketganiga, ammo umrini sivilizatsiyalar rivojiga bag‘ishlagan mutafakkirlar, qomusiy allomalar hamda millat ma’rifatparvarlarining nomlari asrlar osha barhayot yashab kelayotganiga guvoh bo‘lamiz.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev lavozimga kirishgan ilk kunlardan boshlab Yangi O‘zbekistonda barcha sohalar kabi diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ham chuqur islohotlarni boshlab berdi. Prezidentimizning 2018-yil 16-apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni bu boradagi muhim huquqiy asosga aylandi. Unda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti va boshqa ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini takomillashtirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda fuqarolar uchun Qur’oni karimni o‘rgatish bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etish kabi ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Son emas, sifat va yuqori salohiyat – bosh mezon
Ilm dargohining maqomi uning binolari yoki talabalari soni bilan emas, u yerdan yetishib chiqadigan bilimli, ma’naviyatli va Vatanga sidqidildan xizmat qiladigan yetuk kadrlar bilan o‘lchanadi. Chinakam qadr-qiymat sonda emas, aynan sifatdadir.
Mustaqillikning dastlabki chorak asrida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida 9 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi va Toshkent islom instituti faoliyat yuritgan bo‘lsa, oxirgi yillarda bu tizim tubdan kengaydi:
2017-yilda – Buxoro shahrida Mir Arab oliy madrasasi;
2018-yilda – Samarqand viloyatida Hadis ilmi maktabi;
2020-yilda – Termiz shahrida Imom Termiziy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi;
2024-yilda – Imom Termiziy nomidagi islom instituti tashkil etildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 4 ta oliy va 10 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi (shundan 2 tasi xotin-qizlarga ixtisoslashgan) faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda 2,5 mingdan ziyod talabaga 500 nafarga yaqin professor-o‘qituvchilar saboq bermoqda.
Shu bilan birga, imom-xatiblarning malakasini oshirish va ularni bosqichma-bosqich oliy ma’lumotli kadrlar bilan to‘ldirish maqsadida 2019-yilda Toshkent islom institutida Modul ta’lim tizimi joriy etildi. 5 yillik mehnat stajiga ega imom-xatiblar ishdan ajralmagan holda 3 yil tahsil olib, oliy ma’lumot diplomiga ega bo‘lmoqda. Hozirga qadar 600 dan ortiq imom-xatib ushbu tizim orqali oliy ma’lumot oldi.
O‘n magistr – o‘n nafar yetuk mutaxassis
Davlatimiz rahbarining Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan 2024-2025 o‘quv yilidan e’tiboran Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida magistratura mutaxassisligi yo‘lga qo‘zilgan edi.
Joriy yilda «Islom ilohiyoti, falsafasi va Moturidiylik ta’limoti» hamda «Hadis ilmlari» yo‘nalishlari bo‘yicha 10 nafar ilk magistr o‘qishni muvaffaqiyatli tamomladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasida o‘tkazilgan tantanali marosimda Prezidentning diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtirok etdi.
Tadbirda davlatimiz rahbari nomidan har bir magistrga 20 million so‘mlik pul mukofoti sertifikatlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Maqtov yorliqlari hamda planshetlar topshirildi. Muftiy hazratlari esa ilk magistrlarning oylik ish haqiga 20 foiz miqdorida ustama haq belgilanganini e’lon qildi.
Ilk bitiruvchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasining markaziy apparati, Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazi hamda oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga ishga taqsimlandi.
Tarixiy meros va Uchinchi Renessans poydevori
O‘zbekiston qadimdan buyuk allomalar, ulug‘ mutafakkirlar yurti sifatida mashhur. Tarixda Toshkent islom instituti nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqa uchun asosiy diniy ta’lim markazi bo‘lgan. Masalan, Ravil Gaynutdin, Talgat Tojuddin va Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda kabi taniqli din arboblari aynan shu dargoh bitiruvchilaridir.
2024-yilda Toshkent va Xiva shaharlarida o‘tkazilgan «Islom – tinchlik va ezgulik dini» xalqaro konferensiyasida Shayx Muhammad Avvoma: «Yurtingizning har qadamida ulug‘ allomalarning xoki bor. Bu zamin ilm va ulamolar yurtidir. Endi sizlarning vazifangiz ana shu buyuk merosni qayta tiriltirish va dunyoga tanitishdir», deya alohida ta’kidlagan edi.
Mustaqilligimizning 35 yillik shodiyonalari arafasida katta hayotga qadam qo‘ygan ushbu 10 nafar ilk magistr ajdodlarimizning munosib izdoshlari bo‘lib, Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shadi.
Salohiddin SHERXONOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Kadrlar bo‘limi boshlig‘i