O‘zbekiston va AQSH bolalar kontenti sohasida hamkorlikni kengaytiradi
Yosh avlodning ma’naviy-axloqiy tarbiyasi, dunyoqarashi va ijodiy salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladigan zamonaviy, milliy qadriyatlarga asoslangan media mahsulotlarini yaratish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Bu borada xorijning ilg‘or tajribasini o‘rganish, soha mutaxassislarining malakasini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish muhim sanaladi.
AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik, madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari – Kinematografiya agentligi direktori Jahongir Ahmedov hamda Bolalar kontentini rivojlantirish markazi ijrochi direktori Zafar Yo‘ldoshev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida o‘zbekistonlik yoshlar va soha mutaxassislarini animatsiya, kinematografiya, vizual effektlar, aktyorlik hamda boshqa kreativ yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro ta’lim dasturlariga jalb etish masalalari muhokama qilindi, deyiladi Bolalar kontentini rivojlantirish markazi ma’lumotida.
Shuningdek, amerikalik yetakchi rejissyorlar, musiqiy prodyuserlar va ekspertlar ishtirokida O‘zbekistonda master-klasslar, seminarlar hamda ijodiy uchrashuvlar tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar Fulbright va boshqa akademik almashinuv dasturlari doirasida soha mutaxassislarining ishtirokini kengaytirish, shuningdek, o‘zbekistonlik bolalar uchun ingliz tilini o‘rgatuvchi zamonaviy ta’limiy kontentlar yaratish hamda ularni milliy mediamakonda ommalashtirish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi.
Uchrashuv yakunida AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik bolalar kontentini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda amaliy hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.
M. Hojiakbarova,
O‘zA