Yangi O‘zbekistonda til siyosati
21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni
Kengashli to‘y tarqamas
Bu naql zamiridagi hikmatni yaxshi bilamiz. Xalqimiz to‘yni yaxshi ko‘radi. Tarixga nazar solsak, azaldan to‘y qiladigan uy sohibi uni ko‘ngildagidek o‘tkazish uchun maslahat oshi uyushtirgan. Kimdir mehmon kutishga, yana birov dasturxon tuzashga, qo‘l-oyog‘i chaqqon yigitlar taom tashishga, ayollar esa idish-tovoq yuvishga chorlangan. Yugur-yugurni do‘ndirganlar tufayli to‘y to‘s-to‘polonsiz, esda qolarli o‘tgan.
Buni bejiz keltirmadik. Xalqimiz hayotidagi birdamlik, bahamjihatlik, jamoaviylik qadriyatining davlat miqyosida, ijtimoiy-siyosiy jarayonda keng joriy etilayotgani ulkan samara bermoqda. Buning ona tilimizni takomillashtirish jarayonida qo‘llanayotgani barchamizni xursand qiladi.
Ona tilimizga nisbatan yaqin-yaqingacha kuzatilgan bepisandlik munosabatlariga barham berish maqsadida barcha vazirlik, agentlik, qo‘mita, mahalliy hokimiyat organlarida davlat tili bo‘yicha rahbar maslahatchisi lavozimining joriy etilishi ayni muddao bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, joriy yilning 1-yanvaridan boshlab lavozim doirasi kengaytirilib, rahbarning ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etildi va bunga har tomonlama munosib kadrlar tanlanib, tayinlanmoqda. O‘tgan yillar mobaynida ona tilining mavqeini oshirish bilan bog‘liq ozmi-ko‘pmi tajriba to‘planishi ushbu lavozimda faoliyatini davom ettirayotgan mutaxassislarni yangicha talab bilan ishlashga undamoqda. Eng muhimi, bu tashabbus o‘z samarasini ham bera boshladi.
– Temir yo‘l sohasi nafaqat transport tizimi, balki turli hududlar, davlatlar va iqtisodiy makonlarni o‘zaro bog‘lab turuvchi murakkab texnik-infratuzilmaviy majmua hisoblanadi, – deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Hulkar Hotamboyeva. – O‘zbekiston temir yo‘llari tizimi tarixan Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro temir yo‘l tizimlari bilan uzviy bog‘langani sababli, yaqin yillargacha rus tilidagi texnik hujjatlar, qo‘llanmalar, standartlar, atama va yo‘riqnomalar keng qo‘llanilardi. 2019-yilga qadar temir yo‘l sohasida davlat tili to‘liq va tizimli joriy etilmaganini alohida ta’kidlash lozim. Bu holatni faqat nafaqat til siyosati nuqtai nazaridan, balki sohaning texnik va texnologik xususiyatlaridan kelib chiqib ham baholash zarur. Chunki temir yo‘l transportida har bir atama, ko‘rsatma, texnik yo‘riqnoma yoki xavfsizlik talabi aniqlikni taqozo etadi.
Hujjatlarning bir tildan boshqasiga shunchaki tarjima qilinishi emas, balki ulardagi kasbiy va texnik mazmunning to‘liq saqlanishi, yagona terminologik yondashuvning shakllantirilishi talab etiladi. Bundan tashqari, temir yo‘l tizimining xalqaro transport koridoridagi o‘rni, qo‘shni davlatlar ma’muriyatlari bilan hamkorlik, chegaralararo qatnov, xalqaro texnik talab va sohaviy hujjatlarning o‘zaro uyg‘unligi davlat tilini joriy etishda jiddiy qiyinchilik tug‘diradi.
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligi arafasida ya’ni 2019-yil 21-oktabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinishi bilan temir yo‘l sohasida ham til islohotlari yangi bosqichga chiqdi. Avvalo, temir yo‘l ob’ektlaridagi ko‘rgazmali axborot vositalari ham navbat bilan yagona til siyosati asosida tartibga keltirildi.
Stansiya va vokzallardagi peshlavhalar, yo‘naltiruvchi yozuvlar, evakuatsiya jadvallari, xaritalar, yo‘l chiptalari, shior va bannerlar, poyezd yozuvlari, reklama va e’lonlarning davlat tilida, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi asosida to‘g‘ri yozilishi ta’minlandi. Buni 700 dan ortiq turli mazmundagi me’yoriy-huquqiy hujjatlarning davlat tili talablariga muvofiqlashtirilgani ham ko‘rsatib turibdi. Bu oddiy tarjima jarayoni emas, balki katta tizimdagi hujjatlarni huquqiy, uslubiy va terminologik jihatdan qayta ko‘rib chiqishni taqozo etgan keng qamrovli islohotdir.
Davr zarurati
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo miqyosida 69 ta asosiy til o‘z rasmiy maqomiga ega bo‘lib, o‘zbek tili ham bu ro‘yxatda bor. Ona tilimizning nafaqat mamlakat ichida, balki xalqaro doirada ommalashishi har birimizga faxr-iftixor bag‘ishlaydi. Yangi O‘zbekistonning dunyodagi ko‘plab davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ochiq, pragmatik hamda faol hamkorlik o‘rnatayotgani uning dunyo hamjamiyatidagi o‘rnini mustahkamlamoqda. Ana shu jarayonni yana ham rivojlantirish uchun amalda foydalanib kelinayotgan lotin imlosidagi o‘zbek alifbosiga o‘zgartirish kiritilishini davrning o‘zi taqozo etdi.
Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonunni senatorlar bir ovozdan ma’qulladi. Mazkur hujjatga muvofiq, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi 26 ta harf va 3 ta harf birikmasi o‘rniga 28 ta harf va bitta tutuq belgisidan tashkil topishini nazarda tutuvchi tegishli o‘zgartirish kiritiladigan bo‘ldi. Buning zarurati nimada edi, degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Biz texnik imkoniyatlar kengaygan asrga qadam qo‘ydik. Raqamlashtirish jarayoni tobora takomillashib, kengayib borayotgan zamonda yangi yaxlit harflarning joriy etilishi kompyuter lingvistikasi bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar uchun milliy klaviatura matni, nutqqa aylanuvchi sun’iy intellekt modellarini yaratishda ancha yengillik yaratadi. Yangi alifbo xalqaro ISO (Standartlashtirish bo‘yicha xalqaro tashkilot) talab va me’yorlariga ham to‘liq mos keladi. O‘z navbatida lotin yozuvidan foydalanuvchi turkiy tilli davlatlar bilan alifboviy yaqinlik yuzaga kelib, madaniy, ilmiy va iqtisodiy aloqalarni yanada kuchaytirish mumkin bo‘ladi. Kitob almashuvi va tarjima san’atidagi murakkabliklar bartaraf etiladi.
Hindistonlik ziyoli o‘zbek tilida gaplashadi
Darhaqiqat, boshqa til vakilining o‘zbek tilida ravon, bexato so‘zlaganini ko‘rganmisiz? To‘g‘ri, ularning talaffuzida sof o‘zbekona ohang sezilmasligi mumkin. Lekin ixlos va ishtiyoq bilan ona tilimizni o‘rganayotgani uchun ularga tasanno deyishimiz kerak.
Hindistonlik Afzal Mahbub o‘zbek tilida emin-erkin gaplasha oladigan ana shunday zamondoshlarimizdan biri. U Hindistonning Dehli shahrida istiqomat qiladi. Bir necha yillardan beri tibbiyot turizmi bilan shug‘ullanib kelayotgan yosh mutaxassisning o‘zbek tilini o‘zlashtirgani ko‘pchilik yurtdoshlarimiz uchun manfaatli bo‘lmoqda. Aholi o‘rtasida uchraydigan jigar sirrozi, yurak va buyrak yetishmovchiligi, saraton kasalliklarini davolash bo‘yicha Hindiston ilg‘or davlatlar qatoriga kiradi. Aynan shu xastaliklarga chalingan aksariyat yurtdoshlarimiz tibbiyot sayyohligi firmalariga murojaat qilish orqali o‘z mushkullariga yechim topmoqda. Afzal Mahbub xuddi shunday tibbiy sayyohlik firmasini boshqarib keladi.
– O‘zbekiston haqida ko‘p eshitardim. Aslida, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy yashab o‘tgan ona zaminga qiziqmaslik mumkin emas, — deydi u. — Ularning ta’limotini chuqurroq o‘rganish maqsadida Dehli shahridagi Jamia Millia Islomiya universitetida o‘zbek tili saboqlarini oldim. Menga bir yil yetarli bo‘ldi. Agar inson astoydil niyat qilsa, buning uchun qat’iy kurashsa, maqsadiga erishadi. Hozir menga o‘zbek tilida gaplashish juda oson. Hindiston tibbiyot klinikalarini qidirayotgan bemorlarga ishonchli manzilni topishda ko‘maklashaman. O‘zbekistondan kelayotgan bemorlar bizning tilimizni bilishmaydi, hind shifokorlari esa o‘zbekchadan bexabar. Ikkala tomon uchun tarjimonlik qilishning savobi katta. Men esa bemor bilan shifokor o‘rtasidagi muloqot uchun “ko‘prik” vazifasini o‘tayotganimdan doim xursand bo‘laman.
Aslida, bugun dunyo bo‘ylab ona tilimizni o‘rganayotgan bu kabi minglab insonlarni uchratish mumkin. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ona tilimiz rivoji yo‘lidagi keng qamrovli islohotlar mashaqqatli bo‘lishi mumkin, lekin natijasi yuqori bo‘lishi, shubhasiz. Buning uchun faqat mas’ullar emas, barchamiz bu masalada sobit turishimiz darkor. Zero, birgalikda, bir yoqadan bosh chiqargandek, qat’iyat bilan haraqat qilsakkina, ona tilimiz gullab-yashnaydi, rivojlanadi, maqomi yanada kuchayadi.
Hulkar TO‘YMANOVA,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist
O‘zA