Biznesni ro‘yxatga olish – mamlakatimiz iqtisodiyotining haqiqiy manzarasini chizib beruvchi o‘ziga xos ko‘zgu
Iqtisodiyotning nafasi va uning jonli tomirlarini his etish, har bir kichik korxonadan tortib yirik ishlab chiqarish majmualarigacha bo‘lgan jarayonlarni chuqur anglash davlat taraqqiyotining muhim sharti hisoblanadi. Shu ma’noda, jamiyatimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar qatorida ilk bor o‘tkazilayotgan biznesni ro‘yxatga olish tadbiri mamlakatimiz iqtisodiy hayotida chinakam tarixiy voqelikka aylanmoqda. Bugungi kunda dunyoning ko‘plab rivojlangan davlatlari allaqachon o‘z iqtisodiy salohiyatini aniq hisob-kitob qilishda shunday amaliyotlardan foydalanib kelayotgan bir paytda, O‘zbekiston ham o‘z taraqqiyotining yangi, yanada shaffof va ilmiy asoslangan bosqichiga qadam qo‘ymoqda.
Xo‘sh, bu jarayon nimasi bilan ahamiyatli va u nimaga kerak?
Biznesni ro‘yxatga olish mamlakat iqtisodiyotining haqiqiy manzarasini chizib beruvchi o‘ziga xos ko‘zgu. Mazkur tadbir orqali qaysi hududda qanday turdagi tadbirkorlik faoliyati rivojlanayotgani, ish o‘rinlari qay darajada yaratilayotgani, qaysi tarmoqlarga ko‘mak yoki investitsiya zarurligi aniq ko‘rinadi. Bu esa tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va hududlarning iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirish borasidagi strategik rejalarni puxta tuzishga katta xizmat qiladi.
Mamlakatimiz tarixida bunday yirik miqyosdagi umummilliy tadbir ilk marotaba tashkil etilayotgani bejiz emas, chunki bugungi kunda yurtimizda bozor munosabatlarining shiddat bilan rivojlanishi, xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi muttasil oshib borishi iqtisodiyotni hisobga olish tizimini ham zamon talablariga moslashtirishni taqozo etmoqda. Ilgari faqat mavjud statistik hisobotlar yoki ma’muriy ma’lumotlar bilan cheklanib kelingan bo‘lsa, bugungi shiddatli zamonda har bir tadbirkorning og‘ir-yengilini his qilish, ularning real holatini o‘rganish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri manbalarga ehtiyoj sezildi. Yangi O‘zbekistonda ochiqlik, shaffoflik va xalq manfaatlarini ta’minlash bosh mezon sifatida belgilangan bir paytda, biznes ko‘lamini aniq baholaydigan yaxlit ma’lumotlar bazasini yaratish tarixiy zarurat sifatida maydonga chiqdi.

Dunyo tajribasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, biznesni ro‘yxatga olish amaliyotining ilk ko‘rinishlari 200 yildan ortiq tarixga ega ekanini ko‘ramiz. Dastlab, XIX asr boshlarida, aniqrog‘i 1810-yilda AQSHda aholini ro‘yxatga olish jarayonida ilk bor sanoat korxonalari va ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar haqida boshlang‘ich statistik ma’lumotlar to‘plangan bo‘lsa, vaqt o‘tishi bilan bu jarayonning naqadar muhimligi ko‘rindi. Natijada 1905-yilga kelib AQSHda sanoat korxonalarini ro‘yxatga olish aholini ro‘yxatga olishdan qat’i nazar, butunlay mustaqil statistik tadbir sifatida o‘tkazila boshlandi. Vaqt o‘tishi bilan bu ilg‘or tajriba boshqa qit’alarga ham tarqalib, Meksikada 1930-yilda, Hindistonda 1977-yilda, Indoneziyada esa 1986-yilda shu kabi iqtisodiy ro‘yxatga olishlar yo‘lga qo‘yildi. Ayniqsa, Xitoyda 2004-yilda va Yaponiyada 2009-yilda o‘tkazilgan umummilliy iqtisodiy ro‘yxatga olishlar zamonaviy dunyoda iqtisodiyotni boshqarishda aniq statistik bazaning o‘rni g‘oyat katta ekanini yana bir bor isbotladi.
Mana shunday boy global tajribadan kelib chiqqan holda, joriy yilning 15-oktabridan 30-noyabriga qadar O‘zbekistonda ham ilk bor biznesni ro‘yxatga olish tadbiri keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda. Mazkur jarayon mamlakatimiz statistik registrlarini tubdan yangilash, iqtisodiyotning chinakam ko‘lamini xolis baholash hamda kelgusidagi barcha statistik kuzatuvlar uchun mustahkam va ishonchli ma’lumotlar bazasini shakllantirishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Har bir tadbirkorning faoliyati, uning ehtiyojlari va muammolarini chuqur his etgan holda olib boriladigan bunday sa’y-harakatlar kelgusida har bir insonning turmush farovonligiga, yurtimiz iqtisodiyotining yanada rivojlanishiga hissa qo‘shadi.

– Bugungi kunda yurtimizda minglab korxonalar, tadbirkorlar, fermer va dehqon xo‘jaliklari, hunarmandlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar turli sohalarda faoliyat yuritib, iqtisodiyot rivojiga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Iqtisodiyotni to‘g‘ri baholash va kelgusida uni yanada rivojlantirish bo‘yicha samarali qarorlar qabul qilish uchun ushbu faoliyatlar haqida to‘liq va ishonchli ma’lumotlar bo‘lishi zarur. Biznesni ro‘yxatga olishning asosiy maqsadi ham mamlakatimizda amalda qancha iqtisodiy birlik faoliyat yuritayotgani, qaysi sohalarda ishlayotgani, qancha fuqaroni ish bilan ta’minlayotgani va iqtisodiyotga qanday hissa qo‘shayotganini aniqlashdan iborat, – deydi Milliy statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Z.Ziyayev. – Ro‘yxatga olish jarayonida yirik, o‘rta va kichik korxonalar, mikrofirmalar, nodavlat notijorat tashkilotlari, xorijiy korxonalarning mamlakatimizdagi doimiy muassasalari va vakolatxonalari, yakka tartibdagi tadbirkorlar, fermer va dehqon xo‘jaliklari, oilaviy tadbirkorlar, hunarmandlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar qamrab olinadi. Shuningdek, rasmiy ro‘yxatdan o‘tmasdan iqtisodiy faoliyat yuritayotgan shaxslar faoliyati ham o‘rganiladi.
Mutasaddining ta’kidlashicha, jarayon davomida iqtisodiy birliklarning amaldagi faoliyat manzili, asosiy va qo‘shimcha faoliyat turlari, ish bilan band bo‘lganlar soni, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar, shuningdek, internet va elektron savdodan foydalanish, eksport-import faoliyati hamda boshqa muhim iqtisodiy ko‘rsatkichlar yig‘iladi. Tadbir asosan yuzma-yuz suhbat shaklida o‘tkazilib, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan ro‘yxatga oluvchi xodimlar planshet qurilmalari orqali elektron savolnomalarni to‘ldiradi. Bozorlar, savdo majmualarida statistika organlari xodimlari, mahallalarda esa hokim yordamchilari jalb etiladi. O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar uchun census.stat.uz axborot tizimi orqali mustaqil ravishda onlayn ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati ham yaratilgan.

– Biznesni ro‘yxatga olish kelajakdagi taraqqiyotimizning muhim poydevoridir. Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan ushbu umummilliy tadbirda yurtimizda faoliyat olib borayotgan barcha tadbirkorlik sub’ektlari haqida to‘liq, aniq va ishonchli ma’lumotlar shakllantiriladi, – deydi “Yodgorlik“ hunarmandchilik fabrikasi rahbari Luizaxon Kamolova. – Korxona rahbari sifatida aytishim mumkinki, biznesimiz haqidagi har bir raqam va ko‘rsatkich ertaga mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotini yanada yuksaltirishda juda katta ahamiyat kasb etadi. Shu bois, barcha tadbirkorlarni bu jarayonda faol qatnashishga va o‘z faoliyatlari haqida to‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etishga chaqiraman.
Darvoqe, tadbirkorlar va fuqarolarning to‘g‘ri tushunishlari kerak bo‘lgan jihat borki, biznesni ro‘yxatga olish — bu tekshiruv, nazorat yoki jarima qo‘llashga qaratilgan tadbir emas. To‘plangan ma’lumotlarning maxfiyligi qonunchilik bilan kafolatlangan bo‘lib, ular faqat rasmiy statistik ko‘rsatkichlarni shakllantirishda umumlashtirilgan holda foydalaniladi.
Shunday ekan, mamlakatimzda amalga oshirilayotgan ushbu keng ko‘lamli tadbirda faol ishtirok etish, fafat va faqat ezgulikka xizmat qiladi, yurtimiz taraqqiyotiga va kelajak strategiyasini belgilab olishga muhim rol o‘ynaydi.

Ma’lumot uchun, ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentabrdagi “Statistikani rivojlantirish - 2030” milliy strategiyasini tasdiqlash hamda ro‘yxatga olish ma’lumotlaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi“ farmoniga muvofiq, joriy yilning 15-oktabridan 30-noyabriga qadar yurtimiz bo‘ylab o‘tkazilmoqda.
Mohigul Qosimova,
O‘zA