Yangi O‘zbekistonda farovon oila modeli: milliy tajriba, ilmiy tahlil va innovatsion yondashuvlar
Xalqaro oila kuni munosabati bilan mamlakatimizda joriy yilning may oyida “Oilamiz – kelajagimiz” oyligi muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda.
Mazkur oylik doirasida Toshkent shahrida “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan “Yangi O‘zbekistonda farovon oila modeli: milliy tajriba, ilmiy tahlil va innovatsion yondashuvlar” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
Konferensiyaning asosiy maqsadi Yangi O‘zbekistonda oila institutining barqaror rivojlanishini ta’minlash, zamonaviy huquqiy-institutsional mexanizmlar, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlari asosida farovon oila modelining ilmiy-nazariy hamda amaliy asoslarini takomillashtirishdan iborat.
Anjumanda global transformatsiya jarayonlarida milliy oilaviy qadriyatlarni saqlash va mustahkamlash, demografik barqarorlikni ta’minlash, reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish hamda gender tengligi va oila–ish muvozanatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan innovatsion yondashuvlarni ilmiy muloqot maydonida birlashtirish ko‘zda tutildi.
[gallery-29500]
Mazkur nufuzli anjuman ilm-fan, davlat boshqaruvi va xalqaro tajribalar integratsiyasi orqali inson kapitali rivojida oilaning strategik ahamiyatini ochib berish, shuningdek, zamonaviy jamiyatda farovon oila modelini shakllantirishga xizmat qiluvchi ilmiy yechimlar va amaliy takliflarni ishlab chiqishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Konferensiyada 10 dan ortiq xorijiy ekspertlar, 80 dan ziyod oila sohasida faoliyat yuritayotgan olimlar, tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, 20 nafar milliy hamda 12 nafar xorijiy va xalqaro tashkilotlar ekspert va mutaxassislari o‘z ma’ruza va taqdimotlari bilan qatnashdi.
Tadbirda mamlakatimiz va xalqaro tashkilotlar vakillari “Oila institutining barqaror rivojlanishi va farovon oila modelini shakllantirishning huquqiy-institutsional asoslari”, “Globallashuv sharoitida oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash hamda farovon oilani ta’minlashda raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektga asoslangan yondashuvlar”, “Demografik barqarorlikni ta’minlash va reproduktiv salomatlikni mustahkamlash masalalari” hamda “Oilada gender tengligini ta’minlash va oila–ish muvozanatini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari” mavzularidagi sessiyalarda dolzarb masalalarni atroflicha tahlil qildi.
Aytish kerakki, “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan joriy yilning mart-aprel oylarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 12 ming 697 nafar respondent o‘rtasida oilalarning baxtlilik darajasini o‘rganish maqsadida sotsiologik so‘rovlar o‘tkazildi.
So‘rovlarda oilalarning iqtisodiy farovonlik darajasi, demografik barqarorlik holati, sog‘lom hayot kechirish davomiyligi, ta’lim olish imkoniyatlari, ish bilan ta’minlanganlik darajasi, oilaviy hayotdan qoniqish va baxtlilikni his qilish darajasi, oilaviy qadriyatlarning o‘rni va ahamiyati, shuningdek, davlat organlari faoliyati hamda davlat xizmatlaridan qoniqish darajasi o‘rganildi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, 2026-yilda O‘zbekiston oilalarining umumiy baxtlilik indeksi 0,618 ballni tashkil etdi. Baholash mezonlariga muvofiq, mazkur ko‘rsatkich oilalarning baxtlilik darajasi yuqori ekanini namoyon etmoqda.
Konferensiya doirasida xorijiy va mahalliy ekspertlar, olimlar hamda soha mutaxassislarining maqolalari jamlanib, to‘plam shakllantirildi.
Konferensiya yakunida farovon oila modelini rivojlantirishga oid ilmiy rezolyutsiya, strategik takliflar va kelgusi tadqiqotlar uchun ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.
Nazokat Usmonova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA muxbirlari