O‘zbekiston va Janubiy Koreya huquqiy sohada raqamli hamkorlikni kengaytirmoqda
Huquqiy axborotni aholiga tezkor va qulay yetkazish, norma ijodkorligi jarayonlarini raqamlashtirish hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish zamonaviy huquq tizimining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Bu borada ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish muhim.
Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi delegatsiyasi tarkibidagi “Adolat” milliy-huquqiy axborot markazi vakillari Janubiy Koreya Respublikasida bo‘lib turibdi. Tashrif 2025 — 2026-yillarga mo‘ljallangan KSP (Knowledge Sharing Program) bilimlar almashinuvi dasturi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, undan ko‘zlangan maqsad huquqiy axborotni tarqatishda zamonaviy tizimlar hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish bo‘yicha Koreya tajribasini o‘rganishdan iborat.
Xizmat safari davomida delegatsiya a’zolarining Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi, Konstitutsiyaviy sudi, Davlat qonunchiligi vazirligi, Koreya huquqiy axborot markazi hamda mazkur yo‘nalishda faoliyat yurituvchi AT kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlari rejalashtirilgan.
Dasturning ilk kunida Koreya qonunchilik tizimi, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va ularga o‘zgartirish kiritishda raqamli texnologiyalardan foydalanish amaliyoti, huquqiy axborotni aholiga yetkazishning zamonaviy mexanizmlari hamda ilg‘or tajribalar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.
Shuningdek, Koreya qonunchilik tadqiqotlari instituti ekspertlari bilan norma ijodkorligi jarayonida ilmiy-tahliliy institutlarning roli, huquq ijodkorligida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish masalalari muhokama qilinmoqda.
Ta’kidlanishicha, mazkur xizmat safari ikki tomon o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, huquqiy axborotni raqamli boshqarish hamda norma ijodkorligi jarayonlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha tajriba almashishga xizmat qiladi.
M.Hojiakbarova, O‘zA