Turkiy xalqlar musavvirlari bir-biriga yaqinlashmoqda
Bobur shahrida o‘tkazilayotgan Rassomlar festivali dasturi doirasida Andijon davlat universitetida “Turkiy dunyo san’ati: tarixiy-madaniy meros va zamonaviylik” mavzusida ilmiy-nazariy anjuman bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, TURKSOY – Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti, Andijon viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan anjumanning ishtirokchilari bilan suhbatda bo‘ldik.
Kamola Akilova, O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasi direktori, O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi akademigi, san’atshunoslik fanlari doktori:
– Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda tasviriy san’at rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan tajribali ijodkorlar, iste’dodli rassomlarni aniqlash, ularni ma’naviy hamda moddiy rag‘batlantirish, jahon san’at maydonida munosib o‘rin egallashga intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, o‘zbek tasviriy san’atining turli yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish maqsadida Andijonda o‘tkazilayotgan Rassomlar festivali nafaqat biz shuningdek, soha vakillari, balki ko‘pdan-ko‘p yurtdoshlarimiz uchun ham haqiqiy san’at bayramiga aylandi.
Qolaversa, festival doirasida o‘tkazilgan ilmiy-nazariy anjuman turkiy xalqlar tasviriy va amaliy san’at vakillari, musavvirlarni bir-birlariga yanada yaqinlashtirdi. Yurtimiz, qo‘shni Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, qardosh Ozarbayjon va turkiyalik olimlar, mutaxassislar ishtirok etgan anjumanda turkiy dunyo san’atining yutuq va muammolari, uni o‘rganish, tadqiq etish bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.
Ma’ruzalarda turkiy xalqlar tasviriy va amaliy san’atining o‘xshashligi, o‘ziga xos jihatlari xususida ko‘pdan-ko‘p qiziqarli ma’lumotlar aytildi.
Elchin Shamilli, Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasi Me’morchilik va san’at instituti yetakchi ilmiy xodimi, san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori:
– Anjumanda ishtirok etayotganimdan mamnunman. Ochig‘i, O‘zbekistonda tasviriy va amaliy san’at vakillarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida alohida festival o‘tkazilayotganligi, yurtingizda ijod ahliga ko‘rsatilayotgan e’tiborga havasim keldi. Ishonamanki, ana shu e’tibor yaqin yillar ichida katta samaralar beradi, yangi-yangi iste’dodlar kashf etiladi, o‘zbek tasviriy san’atining mavqei xalqaro miqyosda yanada yuksaladi.
Anjumanda “Turkiy madaniyatning vizual kodi zamonaviy san’at va dizayn asosi sifatida”gi ma’ruzam bilan ishtirok etdim. Ana shu yo‘nalishni chuqur o‘rgangan mutaxassis sifatida aytishim mumkinki, turkiy xalqlar qadim tasviriy san’at asarlarining uslubi, rang-barang va nafis naqshlari, betakror tabiat manzaralari, o‘ziga xos ko‘rinishlari bugun ko‘plab davlatlarda zamonaviy san’at va dizaynni yaratish, me’morchilik uchun muhim asos bo‘lmoqda. Bu turkiy xalqlar tasviriy san’atining umrboqiyligi, an’analari davomiyligini anglatadi.
Shu o‘rinda TURKSOY – Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti tomonidan Andijon shahri 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti, deb e’lon qilinganligi bejiz emasligiga ishonch hosil qildim. Chunki Bobur shahrida o‘tkazilayotgan Rassomlar festivalining o‘zi Andijon ana shu nomga munosib ekanligini bir namunasidir.
Men kundan-kunga yuksalib borayotgan yurtingizga, mehmondo‘st o‘zbek xalqiga tinchlik-xotirjamlik, omonlik tilayman. Ishonamanki, O‘zbekiston tasviriy va amaliy san’ati yanada rivojlanadi.
Gulabza Qarshiyeva, Kamoliddin Bexzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi direktori, dotsent:
– Juda mazmunli va foydali o‘tgan anjuman mavzu doirasidagi yutuq va muammolarni, ilmiy qarash va xulosalarni muhokama qilish, keng jamoatchilikka yetkazish, yangi taklif va tashabbuslarni ilgari surish imkonini berdi.
Jumladan, anjumanda “Miniatyura san’atida turkiy adabiy matnning vizual integratsiyasi (Alisher Navoiyning “Xamsa”si misolida)” mavzusidagi ma’ruza bilan ishtirok etib, “Xamsa” dostonlaridagi bayonlar, syujetlarga ishlangan miniatyuralarni o‘rganish, tadqiq etish borasidagi ilmiy qarashlarim, xulosalarim bilan o‘rtoqlashdim.
Tasviriy san’atning miniatyura yo‘nalishi noyob, asosan, turkiy xalqlar san’atiga xos yo‘nalish hisoblanadi. Mazkur yo‘nalishni o‘rganish, tadqiq etish borasida juda ko‘p ishlar qilinishi lozim. Shu ma’noda o‘tkazilgan anjuman bu boradagi ishlarni yuqori bosqichga ko‘tarish, olim va mutaxassislar hamkorligini mustahkamlashga keng yo‘l ochib berdi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surati), O‘zA muxbirlari.