“Yangi O‘zbekiston - Yangi kasaba uyushmalari”
Bugun “Metallurg” madaniyat saroyida 11-noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston - Yangi kasaba uyushmalari” shiori ostida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbir ishtirokchilari e’tiboriga OKMK tarkibiy bo‘linmalaridagi ishlab chiqarish jarayonini va mahsulotlarni aks ettiruvchi ko‘rgazma havola etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi Qudratilla Rafiqov, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruvi raisi, senator Abdulla Xursanov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Sanator-kurortlar bosh boshqarmasi bosh direktori Anvar Axmedov va Federatsiyaning Toshkent viloyat kengashi raisi Sayyora Fayziyevalar ishtirok etishdi.
So‘zga chiqqan “Olmaliq KMK” AJ xodimlari kasaba uyushmasi raisi Abdurashid Haydarov barchani bayram bilan tabriklab, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan ushbu kunning belgilanishi sohaga bo‘lgan yuksak e’tibor ifodasi ekanligini, qolaversa, kasaba uyushmalari harakatining 120-yilligi keng nishonlanayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, Qudratilla Rafiqov va Abdulla Xursanov o‘zlarining samimiy tilaklarini bildirishdi. Bugungi kunda Prezidentimiz boshchiligida inson manfaatlarini himoya qilish borasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilayotganini, ayniqsa, majburiy mehnat, propiska, valyuta konvertatsiyasi kabi muammolarga barham berilganini, qo‘shni davlatlar bilan yaqin aloqalarning yo‘lga qo‘yilganini ta’kidlashdi.
[gallery-32386]
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatimizda olib borilayotgan ulkan islohotlardagi faol ishtiroki, “Inson qadri uchun” g‘oyasini umummilliy harakatga aylantirishga qo‘shayotgan munosib hissasi, shuningdek, kasaba uyushmalari harakatini rivojlantirish, ishchi-xodimlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash ishlarini yangi bosqichga ko‘tarish yo‘nalishidagi ko‘p yillik samarali faoliyati hamda 11-noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan OKMK boshqaruv raisi Abdulla Xursanovga O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Laureati mukofoti topshirildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi Qudratilla Rafiqovga OKMKning “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni tantanali ravishda taqdim etildi.
Bundan tashqari, 5 nafar kombinat ishchi-xodimlari “Ehtirom” ko‘krak nishoni bilan, 5 nafari esa O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Faxriy yorlig‘i bilan mukofotlanishdi.
Sana munosabati bilan 1 nafar soha vakiliga “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni hamda 6 nafariga OKMK Faxriy Yorlig‘i taqdim etildi.
Taniqli aktyor, O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston, Tojikiston Respublikalari xalqi artisti, O‘zbekiston Milliy Akademik drama teatri direktori Yodgor Sa’diyev hamda O‘zbekiston xalq artisti, Qoraqalpog‘iston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozayrbayjon, Tatariston, Boshqardiston va Ingushetiya xalq artisti, bastakor, afsonaviy “Yalla” vokal-cholg‘u ansambilining badiiy rahbari – Farrux Zokirovlarning chiqishlari olqishlarga sazovor bo‘ldi.
Bundan tashqari, “Metallurg” MS ijodiy guruhlarining konsert dasturi hamda kasaba uyushmalari faoliyatini aks ettiruvchi sahna ko‘rinishi bayramona kayfiyat ulashdi.