Öttiz ikki yillik tarixiy yöl va strategik islohotlar natijasi
Mamlakatimiz transport-logistika tizimining mustahkam tayançi bölgan “Özbekiston temir yöllari” aksiyadorlik jamiyati taşkil etilganining 32 yilligi hamda joriy yilning 9 oylik yakunlariga bağişlangan tantanali tadbir bölib ötdi.
Yurtimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltiriş, hududlar örtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy aloqalarni mustahkamlaş va xalqimizga zamonaviy transport xizmatlarini körsatişda pölat izlar fidoyilarining hissasi beqiyos. Bugungi kunda soha xodimlari öz kasb bayramini ulkan yutuqlar, salmoqli körsatkiçlar va aniq rejalar bilan nişonlamoqda.

Maʼlumki, 1994-yil 7-noyabrda Özbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Örta Osiyo temir yöllari negizida taşkil etilgan mazkur tizim ötgan davr mobaynida ulkan taraqqiyot yölini bosib ötdi. Ayniqsa, Davlatimiz rahbari Şavkat Mirziyoyev tomonidan 2023-yil 10-oktabrda qabul qilingan “Özbekiston Respublikasi temir yöl transporti sohasini tubdan isloh qiliş çora-tadbirlari töğrisida” gi tarixiy qarori sohada çinakam yangilanişlar va taraqqiyotning yangi bosqiçini boşlab berdi.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardoşligini oşiriş, eksport va tranzit salohiyatini yuksaltirişda transport-logistika infratuzilmasini modernizatsiya qiliş va zamonaviy boşqaruv tizimlarini joriy etiş hal qiluvçi ahamiyatga ega. Mazkur strategik hujjat ijrosi doirasida amalga oşirilgan tub islohotlar natijasida yuk taşiş, yölovçilarga xizmat körsatiş, quriliş va sanoat işlab çiqarişi sifati yuqori bosqiçga kötarildi. Birgina nosohaviy aktivlarning topşirilişi yillik 100 milliard söm xarajatni tejaş imkonini berdi. “Yagona darça”, “MPS Turon”, “Smart Depo”, “DS Istiqlol” kabi innovatsion yeçimlar joriy etilişi orqali sohani raqamlaştiriş darajasi 75 foizga yetkazildi.

Jamiyat boşqaruvi raisi Zufar Narzullayev tadbirda sözga çiqib, soha fidoyilarini qutladi hamda 2026-yilning 9 oyi yakunlari böyiça erişilgan asosiy körsatkiçlarni sarhisob qildi. Unga köra, 2025-yilning mos davrida 80,3 million tonna yuk taşilgan bölsa, 2026-yilning 9 oyi davomida bu körsatkiç 83,7 million tonnani taşkil etdi. Yuk aylanmasi 26,2 milliard tonna kilometrni taşkil etib, 127,6 foizlik ösiş qayd etildi. Respublika umumiy transporti yuk aylanmasida temir yöl transportining uluşi 38 foizga yetdi. Yölovçi taşiş böyiça ham ijobiy dinamika kuzatilib, joriy yilning 9 oyida 9 million 125,7 ming yölovçiga xizmat körsatildi.

Sohada amalga oşirilayotgan barça islohotlarda quriliş va modernizatsiya işlari asosiy drayverga aylandi. 2023 –2026-yillarda 23 ta yirik loyiha foydalanişga topşirildi, 19 ta yangi temir yöl köprigi va köplab yöl ötkazgiçlar barpo etildi. “Xovos – Zomin turizm” (28 km) va “Baytqörğon – Parkent” (24 km) kabi yangi elektrlaşgan liniyalarning topşirilişi, vokzallar va poyezdlar parkining (“Jaloliddin Manguberdi”, “CRRC Dalian”, “EP3D” va “CRRC 200”) yangilanişi xalqimizga körsatilayotgan xizmatlar sifatini oşirdi. Tizim töliq özini özi moliyalaştirişga ötgani fonida xodimlarning örtaça oylik iş haqi 2023-yilga nisbatan 157,9 foizga ösib, 10 million 16 ming sömga yetdi.

Tadbir sönggida tizim rivojiga munosib hissa qöşgan 15 nafar soha xodimi sohaning eng yuksak mukofoti – “Faxriy temiryölçi” kökrak belgisi, şuningdek, 10 nafar xodim “Faxriy yorliq” hamda pul mukofotlari bilan rağbatlantirildi.
“Özbekiston temir yöllari” aksiyadorlik jamiyati bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiy qudrati va tranzit salohiyatining mustahkam tayançiga aylandi. Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan strategik ustuvor vazifalar — raqamli texnologiyalarni keng tatbiq etiş, infratuzilmani modernizatsiya qiliş va xizmat körsatiş sifatini oşiriş böyiça amalga oşirilayotgan islohotlar sohani yangi taraqqiyot bosqiçiga olib çiqmoqda. Pölat izlar uzra harakatlanayotgan har bir poyezd yurtimiz farovonligi va barqaror rivojlanişining ramzi bölib xizmat qilaveradi.

Rustam Haydarov, ÖzA