Yangi O‘zbekiston islohotlari keng targ‘ib qilindi
Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadrini ulug‘lash, aholi farovonligini oshirish hamda jamiyat taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Ayniqsa, joylarda olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar, keng jamoatchilik bilan ochiq muloqotlar islohotlarning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazishda muhim o‘rin tutmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Buxoro viloyatining eng chekka hududlaridan biri — Qorovulbozor tumani “Navbahor” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan “Besh tashabbus” markazida tashkil etildi. Ushbu ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbiri mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish, jamoatchilik bilan ochiq muloqotni yanada kuchaytirishga qaratildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llangan Murojaatnoma, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda 2026-yil — “Mahallalarni rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” davlat dasturida belgilangan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirib berildi.
Mazkur tadbir Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘linmasi, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi hamda boshqa hamkor tashkilotlar tashabbusi bilan tashkil etildi.
[gallery-28547]
Uchrashuvda tuman hokimligi mutasaddilari, mahalla fuqarolar yig‘ini raislari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari, nuroniylar, ta’lim tashkilotlari vakillari, korxona va tashkilotlar rahbarlari hamda keng jamoatchilik vakillari faol ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda davlat rahbari boshchiligida olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy islohotlar natijasida aholining turmush darajasi izchil yuksalayotganini ta’kidladilar. Shuningdek, hududlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlar haqida keng ma’lumot berildi.
Alohida ta’kidlanganidek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida iqtisodiyotni rivojlantirish, kambag‘allikni qisqartirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish ustuvor vazifalar sifatida belgilab olingan.
Tadbir doirasida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar, taklif va tashabbuslar ochiq muloqot ruhida tinglanib, ularni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
–Bugungi kunda islohotlarning mazmun-mohiyatini aholiga to‘g‘ri va ta’sirchan yetkazish eng muhim vazifalardan biridir, –deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qorovulbozor tuman bo‘linmasi rahbari Munavvara Jumayeva. –Chunki har bir fuqaro mamlakatda olib borilayotgan o‘zgarishlardan xabardor bo‘lsa, unda islohotlarga daxldorlik hissi ortadi. Ayniqsa, mahallalarda o‘tkazilayotgan bunday ochiq muloqotlar aholining siyosiy-huquqiy madaniyatini oshirish, yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashda katta ahamiyatga ega.
Uning ta’kidlashicha, kelgusida ham bunday tadbirlarni yanada keng qamrovda tashkil etish, aholi bilan muloqotni kuchaytirish orqali islohotlarning samaradorligini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar aholining islohotlarga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, jamiyatda birdamlik va hamjihatlik muhitini qaror toptirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari