Yangi o‘zbek alifbosi va milliy sertifikat: imtihonda qaysi yozuvda javob berish kerak?
Mamlakatimizda o‘zbek tilini rivojlantirish, uning davlat tili sifatidagi nufuzini mustahkamlash borasida tizimli choralar amalga oshirildi.
Xususan, 2026-yil 21-oktabrda qabul qilingan “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonunga asosan bu borada bir qancha muhim vazifalar belgilab berildi.
Yangi o‘zbek alifbosini joriy etishga oid qonun imzolangani munosabati bilan abituriyentlar va milliy sertifikat imtihoni ishtirokchilarida savol tug‘ilishi tabiiy: endi test topshiriqlari qaysi alifboda beriladi, esse va ochiq turdagi savollarga javoblar qaysi yozuvda yozilishi kerak?
Soha mutaxassislari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi milliy sertifikat imtihonlarida amaldagi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidan foydalaniladi.
Qayd etilishicha, 2026-yil 24–26-oktabr kunlari mamlakatning barcha hududlarida ona tili va adabiyot fanidan milliy sertifikat imtihonlari bo‘lib o‘tadi. Imtihonga tayyorgarlik ko‘rayotganlar uchun alifbo masalasidagi ushbu tushuntirish muhim ahamiyatga ega.
Тест topshiriqlari qaysi alifboda beriladi?
Imtihon materiallari amaldagi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida tayyorlangan. Shu bois ishtirokchilar test savollarini ham shu yozuvda o‘qiydi. Faqat test savollarini o‘qishda emas, javoblarni yozishda ham amaldagi alifbo talablariga rioya qilish lozim. Jumladan, ochiq turdagi test topshiriqlariga javoblar, yozma ish — esse ishlarida ham mazkur talab qo‘llaniladi. Demak, imtihon ishtirokchilari yangi alifboga o‘tib ketishga shoshilmasligi, yozma ishlarini amaldagi lotin alifbosida bajarishi kerak.
Yangi alifbo qachon kuchga kiradi?
Yangi o‘zbek alifbosini joriy etishga oid qonunda uning olti oydan so‘ng kuchga kirishi belgilangan. Shuning uchun hozirgi imtihonlarda amaldagi alifbo qo‘llaniladi, yangi alifboga oid tartib esa qonunda belgilangan muddatdan keyin kuchga kiradi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA