Dori vositalari saqlanayotgan yashirin ombor aniqlandi
Aholi salomatligiga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan, sifati kafolatlanmagan dori vositalarining noqonuniy savdosiga chek qo‘yish maqsadida Namangan viloyatida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Davlat xavfsizlik xizmatining viloyat boshqarmasi xodimlari Bojxona va Ichki ishlar boshqarmalari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tadbir davomida Uychi tumanidagi yashirin ombor faoliyati fosh etildi.
Aniqlanishicha, farmatsevtika mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi xususiy korxona rahbari va uning ishchisi bo‘lgan, 1983 va 1986-yillarda tug‘ilgan aka-ukalar noturar binolardan birining yerto‘lasida dori vositalarini saqlash uchun yashirin ombor tashkil etgan.
Omborni ko‘zdan kechirish chog‘ida xorijda ishlab chiqarilgan jami 412 turdagi 67 ming 923 birlik dori vositalari borligi ma’lum bo‘ldi. Ularning umumiy taxminiy qiymati 5,6 milliard so‘mni tashkil etishi aniqlandi. Mazkur dori vositalari keyinchalik sotish maqsadida saqlangani ma’lum bo‘lib, belgilangan tartibda rasmiylashtirib olindi.
Hozirda olib qo‘yilgan dori vositalarining sifati va boshqa xususiyatlarini aniqlash maqsadida sud-kimyoviy hamda tovarshunoslik ekspertizalari tayinlangan. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.
Hamroz Bayonov,
O‘zA