Yangi o‘quv yili — yangi imkoniyatlar bilan
FOTOREPORTAJ
Yosh avlodga sifatli ta’lim berish, ular uchun zamonaviy va qulay sharoitlar yaratish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri. Ta’lim muassasalarini zamonaviylashtirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash orqali o‘quvchilar uchun munosib ta’lim muhiti yaratilmoqda.
Namangan viloyati Chust tumani Toshqo‘rg‘on mahallasidagi 52-umumta’lim maktabida ham yangi o‘quv yili arafasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Maktab «Shosh Loyiha Projekt» MCHJ tomonidan 3 milliard 747 million so‘m mablag‘ hisobidan mukammal ta’mirlanib, zamonaviy ta’lim maskaniga aylantirildi. Ilgari 180 o‘ringa mo‘ljallangan maktabda 497 nafar o‘quvchi ikki smenada tahsil olgan bo‘lsa, endi ta’lim sifatini oshirish va o‘quvchilar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida qo‘shimcha 270 o‘rinli yangi o‘quv binosi ham foydalanishga tayyor holga keltirildi.
[gallery-31040]
Yangi binoning barpo etilishi o‘quvchilar uchun nafaqat qo‘shimcha joy, balki ta’lim jarayonini zamonaviy talablar asosida tashkil etish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Sinf xonalarining jihozlanishi, ta’lim jarayoni uchun zarur sharoitlarning yaratilgani o‘quvchilarning bilim olishi va o‘qituvchilarning samarali faoliyat yuritishiga xizmat qiladi.
Maktab jamoasining erishib kelayotgan natijalari ham e’tiborga molik. Har yili bitiruvchilarning deyarli barchasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi ta’lim dargohida o‘quv-tarbiya jarayoni samarali yo‘lga qo‘yilgani, pedagoglar salohiyati va o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan intilishi yuksak ekanini ko‘rsatadi.
Yangi o‘quv yili arafasida yaratilgan ushbu sharoitlar maktab o‘quvchilari uchun yangi marralar sari yo‘l ochishi, ularning sifatli ta’lim olishi va o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar berishi bilan ahamiyatlidir.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA