Mehr-saxovat tadbirlari davom etmoqda
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Navoiy viloyat hududiy birlashmasi tomonidan Navbahor tumani Qalqon ota mahallasida joylashgan 10-oilaviy poliklinikada eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqilligimizning o‘ttiz besh yilligi arafasida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Federatsiyaning Navbahor va Karmana tuman jamiyatlari hamkorligida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” bosh g‘oyasi ostida tashkil etilgan tadbir doirasida hududdagi yigirmata ehtiyojmand oilaga bayram sovg‘alari ulashilib, ularning holidan xabar olindi. Shundan so‘ng, poliklinika hududida aholi salomatligi yo‘lida fidokorona xizmat qilib kelayotgan oq xalat sohiblari hamda mahalladagi kam ta’minlangan oilalar vakillari ishtirokida bayram tadbiri tashkil etildi.
– Yurtimizda hamisha o‘zaro mehr-oqibat, saxovat, azaliy qadriyatlarimizni e’zozlash kabi xalqimizga xos ezgu fazilatlar ulug‘lanib kelingan, – deydi mehnat faxriysi Barnoqul Hamroyev. – Ehtiyojmand kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oila va mahallalarda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yoshi ulug‘ insonlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilgan. Bugungi tadbir ham ana shunday e’tiborning bir ko‘rinishidir. Mas’ullarimiz biz keksalar holidan doimiy xabar olib turishadi. Poliklinikamiz xodimlari uyimizga kelib sog‘ligimizni nazorat qilishadi. Kerakli dori-darmonlarni berib ketishadi.

Tadbir davomida ishtirokchilar o‘rtasida samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda mustaqillik yillarida xalqimiz uchun yaratilayotgan imkoniyatlar va sharoitlar ko‘lami kengayib borayotgani, iste’molchilar huquqlari doimiy qonun himoyasida ekani, mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.
– Mazkur poliklinika ikki qavatli binoda faoliyatini davom ettirib kelmoqda, – deydi Federatsiyaning Navbahor tuman jamiyati raisi Fotima Ziyoyeva. – Tibbiyot muassasasida 60 dan ortiq ishchi-xodim qariyb 12 ming nafarga yaqin aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Poliklinika jamoasi bilan hamkorlikda ish olib boryapmiz. Yangi o‘quv yili oldidan tashkilotimizga a’zo bo‘lgan xodimlarning farzandlariga maktab formasi, o‘quv qurollari taqdim etdik.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Navoiy viloyat hududiy birlashmasi hamda tuman va shahar jamiyatlari tomonidan bu kabi xayrli tadbirlar davom etmoqda.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri