Yangi o‘quv yili yangi binoda boshlandi
2024-2025 o‘quv yili oldidan Samarqand viloyatidagi 90 ta maktabda rekonstruksiya, 12 tasida mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi, 4 ta yangi maktab qurilmoqda. Buning uchun 446,8 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Ushbu qurilish-rekonstruksiya ishlari natijasida viloyatda 24 mingga yaqin yangi o‘quvchi o‘rni yaratildi.
Jumladan, Pastdarg‘om tumani Zangiboyi mahallasidagi 75-umumiy o‘rta ta’lim maktabi uchun byudjetdan 3,7 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, 260 o‘rinli yangi bino barpo etildi. Bugun maktab jamoasi yangi o‘quv yilini ushbu binoda boshladi.

Tumanning Sanchiqul mahallasida joylashgan 123-maktabning 220 o‘rinli qo‘shimcha binosi ham yangi o‘quv yilida o‘quvchilarga chinakam sovg‘a bo‘ldi. 1,2 milliard so‘m byudjet mablag‘lari hisobidan bunyod etilgan binoning tantanali ochilish marosimida tuman sektor rahbarlari va faollar ishtirok etib, davlatimiz tomonidan ta’lim sohasiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, bugun mazkur tumanning Po‘latchi mahallasida ingliz tiliga ixtisoslashgan 240 o‘rinli xususiy maktab ham faoliyat boshladi.

– Mustaqillik bayrami tantanasida Prezidentimiz xalqimizni tabriklar ekan, hozirgi kunda Yangi O‘zbekistonni barpo etishda asosiy e’tibor beshta ustuvor yo‘nalishga qaratilganini ta’kidladi, – deydi Pastdarg‘om tumani hokimi Sherzod Rahmonov. – Bunda avvalo sifatli ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish zarurligi, muammolarimizning yechimi, savollarimizning javobi faqat va faqat ta’limda, hamma eshiklarni ochadigan kalit ham – faqat va faqat ta’lim va tarbiyadir, deb qayd etdi. Tumanimizda yangi maktablar, qo‘shimcha binolar qurilayotgani, ta’lim muassasalari moddiy-texnika bazasi mustahkamlayotgani ham ana shu e’tibor natijasidir. Binobarin, eng yaxshi investitsiya – ta’lim sohasiga, farzandlar ta’lim-tarbiyasiga kiritilgan investitsiyadir.
Mustaqillik bayrami kunlarida tumanda aholini kasb-hunarga o‘qitish maqsadida Go‘zalkent mahallasida “Kasb-hunar markazi” ham foydalanishga topshirildi. Bu yerda ishsiz aholi hamda yoshlarga zardo‘zlik, tikuvchilik, yog‘och o‘ymakorligi, yumshoq o‘yinchoqlar yasash hamda boshqa hunarlar o‘rgatiladi.


G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri