Yangi konteynerlar eksport tashuvlarida qulayliklar yaratadi
"O‘ztemiryo‘lkonteyner"ning yangi konteynerlari yurtimizning xalqaro savdodagi mavqeini mustahkamlaydi. Bu qadam eksportchilar uchun qanday yangi imkoniyatlar eshigini ochadi?
“O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ tomonidan xarid qilingan yangi “High Cube“ 40 futlik konteynerlarining dastlabki partiyasi O‘zbekistonga yetib keldi.
Ta’kidlanishicha, yangi konteynerlar jamiyatning konteyner parkini kengaytirish, eksport-import va tranzit tashuvlari hajmini oshirishga xizmat qiladi. Kelgusi besh yilda konteyner parkini qo‘shimcha 2 000 taga kengaytirish rejalashtirilgan. Konteynerlar O‘zbekiston–Xitoy, O‘zbekiston–Yevropa yo‘nalishlari va boshqa xalqaro yo‘nalishlarda qo‘llaniladi.
Konteyner va vagon parkining kengayishi kompaniyaning hududlardagi eksportyorlarga yukni jo‘natishga tayyorlashdan tortib, uni manzilga yetkazishgacha bo‘lgan kompleks transport-logistika xizmatlarini ko‘rsatish imkonini beradi. Bu, o‘z navbatida, viloyatlardan eksport yuklarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalqaro yo‘nalishlarga jo‘natish imkoniyatlarini kengaytiradi.
“O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ tomonidan yangi konteynerlarning qabul qilinishi kompaniyaning eksport-import va tranzit tashuvlari hajmini kengaytirishga xizmat qiladi. Ushbu kengayish, ayniqsa, hududlardagi eksportyorlarga kompleks logistika xizmatlarini taqdim etish hamda yuklarni xalqaro yo‘nalishlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri jo‘natish imkoniyatlarini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Kompaniyaning kelgusi rivojlanish rejalari ushbu yo‘nalishdagi taraqqiyotning izchilligini ta’minlaydi.
Sherbek Islomov, O‘zA