Toshkent shahrida qonunchilik buzilgani uchun ushlangan transportlarni vaqtincha saqlab turish joylariga olib kelish tartibi belgilandi
Hukumat qarori bilan “Toshkent shahrida qonunchilik hujjatlari buzilgani uchun ushlangan transport vositalarini vaqtincha saqlab turish joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlab turish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Shu yilning 22-sentabrida tasdiqlangan ushbu Nizom Toshkent shahrida qonunchilik buzilganligi uchun ushlangan transport vositalarini vaqtincha saqlab turish joylariga olib kelish, joylashtirish va saqlab turish tartibini belgilaydi.
Nizomga ko‘ra, vakolatli davlat organi tomonidan transportni jarima maydonchasiga joylashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda, bu haqda “Jarima maydonchasi” moduli orqali tegishli davlat organlariga, shuningdek, xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarga xabar yuboriladi.
Transportni boshqarishdan chetlashtirish nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlarga tegishli transport faqat maxsus texnika vositalari (evakuator, manipulyator) yordamida jarima maydonchasiga olib kelinishi mumkin.
Ushlangan transport vositasini ushlab turish sabablari bartaraf etilgandan keyin jarima maydonchasidan olib chiqishga “Jarima maydonchasi” moduli orqali ruxsat beriladi.
Bunda transport vositasini jarima maydonchasidan chiqarib yuborish bo‘yicha ruxsatnoma faqat ma’muriy ishni ko‘rib chiquvchi organning mansabdor shaxslari tomonidan:
“Jarima maydonchasi” moduli orqali rasmiylashtiriladi;
QR-kod bilan tasdiqlanadi;
– elektron tarzda transport vositasi haydovchisiga hamda saqlab turish xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxsga “Jarima maydonchasi” moduli orqali 1 ish kunida yuboriladi;
– haydovchining telefon raqamiga qisqa xabar (SMS) jo‘natiladi.
– “Jarima maydonchasi” moduli orqali rasmiylashtirilmagan ruxsatnomalar asosida ushlangan transportni jarima maydonchasidan chiqarib yuborish taqiqlanadi.
O‘zA