Yangi darsliklar mushohadani rivojlantirib, fanni hayot bilan bog‘laydi
Tadqiqotlarga ko‘ra, hisob-kitobni yaxshi o‘zlashtirgan o‘quvchiga nisbatan, matematik mushohada hamda mantiqiy fikrlash ko‘nikmasiga ega o‘quvchi turli vaziyatda muammolarga tez yechim topadi. Bunday, o‘quvchida hayotiy vaziyatlarda muammoga duch kelganda, unga yechim topish ko‘nikmasi rivojlanadi. Shuni hisobga olib, matematika fanidan tayyorlangan Milliy o‘quv dasturida o‘quvchining matematik tafakkurini rivojlantirishga e’tibor qaratildi.
O‘z navbatida, matematika fanidan davlat ta’lim standartlarida nazarda tutilgan ko‘nikmalar va o‘quv dasturiga singdirilgan mavzular bu fan uchun nashr etilayotgan yangi avlod darsliklarida ham aks etmoqda. Boshlang‘ich sinflarning “Matematika” darsligida ilk bor o‘quvchilarni matematik mushohadaga chorlaydigan mashg‘ulot va topshiriqlarga keng o‘rin berildi.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida vizual detallarga boy o‘quv materiallari orqali fanni anglash osonroq kechadi. Ya’ni, darsliklarda tasvir hamda ko‘rgazmali vositalar orqali mavhum tushunchalarga aniqlik kiritilgan. O‘quvchilar hayotiy faoliyatlari davomida qo‘llashi mumkin bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni berishga yo‘naltirilgan materiallar, topshiriqlar, jumladan, muhandislik va robototexnika elementlaridan foydalanilganligi ham darsliklarning asosiy yutuqlaridan biridir.
Amaldagi darsliklarning katta qismi nazariy materiallar uchun ajratilgan bo‘lsa, hozirgacha tayyorlangan 1-, 2-, 3-sinf, shuningdek, 6-, 7-, 10-sinf darsliklarida amaliy xarakterdagi o‘quv materiallari uchun salmoqli o‘rin ajratilgan. «Imitatsiya» – berilgan topshiriq asosida bolaning o‘zi xuddi shunga o‘xshash boshqa topshiriq yaratishini ko‘zda tutadigan, «interpretatsiya», ya’ni bir ma’lumotni boshqa ko‘rinishdagi ma’lumotga, masalan, matn ko‘rinishidagi ma’lumotni raqam ko‘rinishidagi yoki diagramma ko‘rinishdagi ma’lumotga o‘zgartirishni ko‘zda tutadigan topshiriqlar ham yangi darsliklarda keng singdirilgan. Shuningdek, darsliklarda topshiriqlarning asosiy qismi o‘quvchining mantiqiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan.
Har bir mavzu bo‘yicha darslikning oxirida mantiqiy masala, vaziyatlar alohida ilova qilingan. Matematika fanidan Milliy o‘quv dasturi soddadan murakkabga tamoyili asosida tuzilgani bois darslikda mavzular ham spiralsimon tarzda berilgan. Mavzular takrorlanish barobarida ko‘lami tobora avvalgisidan ko‘ra kengayib, chuqurlashib boradi.
Ya’ni, o‘quv dasturi asosida sinflar kesimida 20 ta bosqichdan iborat ta’limiy o‘yinlar tayyorlanmoqda. Boshlang‘ich sinflarda sonlarni katta kichikligiga ko‘ra taqqoslash, narsalarni shakli va hajmiga qarab taqqoslash, 20 gacha bo‘lgan sonlarni toq va juftga ajratish, simmetriya hosil qilish hamda 9 gacha raqamlash mavzulari qamrab olingan. Topshiriqqa to‘g‘ri yoki xato javob berilgani haqida foydalanuvchiga dasturning o‘zi xulosa berishi o‘quvchilar bemalol matematikadan o‘rganganlarini darslardan tashqarida ham kattalarning ko‘magisiz mustahkamlashlariga imkon beradi.
Ko‘p xonalarni sonlarda raqamlash jarayoni arifmetik amallardan ajratilib, bo‘lim qilib berilgan. Arifmetik amallarni bajarishda xona birliklarini bilishi, ularni qo‘shiluvchi va yig‘indi tarzda ifodalay olishi hayotda hisob – kitob jarayonida bularni ifodalay olishini ta’minlaydi. Shu paytgacha darsliklarda matematik nazariyalar ya’ni amallarning xossalari, o‘rin almashtirish, guruhlash va taqsimot qonuniyatlari berilar edi.
Ammo bularni sodda hayotiy misollar bilan amalda ko‘rsatib berish o‘qituvchilarga tushuntirishda qulaylik bersa, bolalarda hisoblash malakasi rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, darsliklarda masalalarni kengroq ya’ni illyustratsion, grafik-tasvir asosidagi, jadval ko‘rinishidagi vositalar bilan qamrab olish hisobiga matnli masalalarni qisqarganini aytish mumkin. Bundan ko‘zlangan maqsad, eng avvalo, bolani tasvir va jadvallarga qarab masala tuza olish va mustaqil fikrlashga undashdan iboratdir. Shu bilan birga, matnli masalalarni qisqa shaklda qayta yozib ishlash kabi uzoqroq vaqt talab qiluvchi yondashuvlardan qochishga, fanlararo integratsiyani ham usullar orqali yo‘lga qo‘yishga ham e’tibor qaratiladi.
Milliy o‘quv dasturi orqali har bir fan oldiga aniq maqsad qo‘yildi, ya’ni muayyan fan orqali rivojlantirish zarur bo‘lgan ko‘nikmalar belgilab berildi. Endi o‘quvchilar fan ularga qaysi hayotiy vaziyatlarga kerak bo‘lishini yaxshi anglaydilar.
Misol uchun, 6-sinf “Matematika” darsligida musbat va manfiy sonlar tushunchasi banklarning mobil ilovasidagi plastik kartadagi mablag‘larni nazorat qilish mexanizmiga ega «Monitoring» oynasi orqali o‘rgatiladi. Bundan tashqari, darslikda loyiha ishi orqali bankdan avtokredit olish jarayoni anchagina tushunarli bayon etilgan. Qo‘shimcha ravishda internet manzillar ham berilgan bo‘lib, bular orqali o‘quvchi bank taklif qilayotgan tarif va xizmatlardan qulayini ajrata olish ko‘nikmasini egallaydi. Bu kabi misollar orqali o‘quvchilar matematika faqat tenglama yoki misol va masalalardan iborat emasligini, matematik bilim faqatgina masalalarni tez hisoblash emas, balki mohiyatni anglagan holda, masala va misollarni mushohada qilib, hayot bilan bog‘lab bajarish muhim ekanligini anglab yetadilar.
Lola O‘rinboyeva,
Toshkent davlat pedagogika
universiteti dotsenti.
O‘zA