Yangi alifbo: Nima özgaradi va nega bu muhim?
Joriy yil Özbek tili bayrami kuni Prezidentimiz lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini takomillaştirişga oid qonunni imzoladi. Bu davlatning ona tilimizga eʼtibori ham maʼnaviy, ham amaliy jihatdan bir nuqtada tutaşgan kun böldi.
Uşbu qonun bilan nimalar özgarişi xususida Toşkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar doktori Feruza Muhiddinova öz fikrlarini bayon qildi:
—Yangi tahrirga köra, alifbo 26 harf va 3 harf birikmasi örniga 28 harf va bitta tutuq belgisidan iborat böldi. Gʻ, Oʻ, Sh, Ch örniga Ğ, Ö, Ş, Ç harflari kiritildi. Ng birikmasi esa alifbodan çiqarildi. Natijada «bir tovuş – bir harf» tamoyili qayta tiklandi. Nega bu qadam asosli?
Birinçidan, lisoniy mantiq. Bir tovuşni ikki belgi bilan ifodalaş yozuvda çalkaşlik tuğdiradi. Masalan, «Isʼhoq» ismi amalda köpinça «Ishoq» deb notöğri yoziladi. Yangi harflar bunday xatolarga çek qöyadi. Ikkinçidan, raqamli davr talabi.
Oʻ va gʻ belgilari xalqaro Unicode standartida mustaqil harf sifatida mavjud emas. Tutuq belgisi esa qöştirnoq bilan adaştiriladi. Bu holat qidiruv tizimlari, elektron tölov xizmatlari, avtomatik tarjima va elektron luğatlarda jiddiy muammolarga sabab bölib keldi. Özbek tili sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar tiliga aylanişi uçun yozuvimiz texnik jihatdan mukammal bölişi şart.
Ş va Ç harflari 1929–1940-yillardagi özbek lotin alifbosida qöllanilgan. Bugun ular yana yozuvimizga qaytdi. Bu özgariş özbek yozuvini turk, ozarbayjon, turkman tillarining yozuvi bilan yaqinlaştiradi, turkiy xalqlar örtasidagi madaniy va ilmiy hamkorlikni yengillaştiradi. Konstitutsiyamizning 4-moddasida özbek tili davlat tili ekani mustahkamlangan. Yangi qonun bu normaning amaliy ijrosini taʼminlaydi. Eng muhimi, ötiş bosqiçma-bosqiç amalga oşiriladi. Ilgari berilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qoğozlar öz yuridik kuçini saqlab qoladi. Bu fuqarolar manfaatini himoya qiladi, davlat byudjetiga ortiqça yuk tuşirmaydi.
Nigora Rahmonova,
ÖzA