Yalpi majlis: Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruza ko‘rib chiqildi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda faxriylarning huquqiy va ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, mehnat munosabatlarini takomillashtirish, safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy resurslarga bo‘lgan imkoniyatlari yanada oshirish, o‘rmon fondi yerlarini muhofaza qilishni kuchaytirish, fuqarolarning mehnat huquqlarini yanada ishonchli himoya qilish hamda parlament nazoratiga doir masalalar ko‘rib chiqilishi belgilangan.
Majlisda dastlab O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruza ko‘rib chiqildi. Kun tartibidagi masala yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxonov axborot berdi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida huquqiy va institutsional islohotlar tizimli amalga oshirilmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. Hukumat faoliyatining ochiq va oshkoraligini ta’minlash va mas’uliyatini oshirish, byurokratiyani kamaytirish va davlat xizmatlarini raqamlashtirish, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan preventiv mexanizmlar amaliyotga keng tatbiq etilmoqda.
Sohada qabul qilingan qonunlar, Prezident farmonlari, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining 2025-yil 5-mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida parlament va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarning korrupsiyaga qarshi kurashishdagi ishtiroki yangi bosqichga olib chiqildi.

Xususan, 2025-yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish, sohalarda korrupsiya omillarini bartaraf etish hamda qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan 37 ta tahliliy ma’lumot tayyorlangan. Ular bo‘yicha 19 ta yangi qonun loyihasi ishlab chiqilgan.
Shuningdek, maishiy korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha “Andijon tajribasi”, fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kurashishda faolligini oshirish bo‘yicha “Navoiy tajribasi”, raqamlashtirish bo‘yicha “Samarqand tajribasi” kabi ijobiy tajribalar yaratilib, boshqa hududlarga ham tatbiq etilmoqda.

Majlisda qayd etilganidek, komplayens xizmatining tashkil etilishi, davlat organlari va tashkilotlarida komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘yicha o‘rinbosarlar faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi yangilanishlar izchilligini ta’minlash va joylarda chora-tadbirlar ijrosini samarali tashkil etishda katta turtki bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni bilan Agentlik, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, ilmiy muassasalar, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari va fuqarolik jamiyati institutlarining doimiy hamkorligiga asoslangan “Korrupsiyaning oldini olish klasteri” joriy etildi.
Muhokamalar davomida deputatlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan bir qatorda, sohada to‘liq foydalanilmagan imkoniyatlar va e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar ham mavjudligi qayd etildi.
Shuningdek, davlat xaridlarida manfaatlar to‘qnashuvi, davlat organlarining ochiqligi hamda byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish bo‘yicha korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning sodir etilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlar to‘liq bartaraf etilmagani, “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan talablar to‘liq ijro etilmasdan qolayotgani deputatlarning e’tirozlariga sabab bo‘ldi.
Xalq vakillari Agentlik tomonidan korrupsiyaga oid, birinchi navbatda, O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlariga va xalqaro imijiga zarar yetkazuvchi jinoyatlar sabab va shart-sharoitlarini kompleks tahlil qilish, byudjet mablag‘larining sarflanishi, davlat aktivlarining realizatsiya qilinishi, investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi bilan bog‘liq materiallarni o‘rganish, mansabdor shaxslarning qarorlari qonuniyligi yuzasidan o‘tkazilayotgan nazorat samaradorligini oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar berishdi.
Majlis yakunida sohani takomillashtirish hamda Agentlik tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qator takliflar ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasining tegishli qarori qabul qilindi.
N.Nasriyev,
O‘zA