O‘zbekistonning boy merosi xorijliklar nigohida (+video)
Andijon shahrida yaqinda bo‘lib o‘tgan TURKSOY tadbiri doirasida xorijdan tashrif buyurgan mehmonlar O‘zbekistonning turkiy dunyo madaniy hayotidagi o‘rni va ahamiyati haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Ular mamlakatimizda madaniy merosni asrab-avaylash, xalqaro madaniy aloqalarni mustahkamlash va turli xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada kuchaytirishga qaratilgan tashabbuslarni yuqori baholadi.
Shuningdek, mehmonlar yil davomida “Andijon – turkiy davlatlar madaniyat poytaxti” loyihasi doirasida rejalashtirilgan TURKSOY Yozuvchilar uyushmasi yig‘ilishi, IV xalqaro teatr festivali, Turkiy dunyo muzeylari uchrashuvi, Ekspertlar yig‘ini va TURKSOY Doimiy kengashining 43-yig‘ilishi kabi nufuzli tadbirlar nafaqat Andijon, balki butun O‘zbekistonning madaniy salohiyatini yanada keng namoyon etishini ta’kidladi.
ICESCO dasturlar direktori Bilel Shebbi ham O‘zbekiston haqida iliq fikrlarini bildirib, mamlakatimizning boy madaniy merosi va uning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi alohida e’tirofga loyiq ekanini qayd etdi.
– Menimcha, bu O‘zbekiston uchun juda muhim tadbir. Bu orqali mamlakat o‘zining boy madaniyati va bebaho merosini butun dunyoga yanada kengroq namoyon etadi. Shuningdek, O‘zbekiston bilan boshqa davlatlar o‘rtasidagi madaniy almashinuv ham yangi bosqichga ko‘tariladi. Ayniqsa, arab dunyosi tarixi va madaniyatida O‘zbekistonning o‘rni beqiyos. Bu yurtdan yetishib chiqqan buyuk allomalar, olimlar va mutafakkirlar butun insoniyat sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan.
Men Tunisdanman. O‘zbekiston haqida ilk tasavvurimni boshlang‘ich maktabda o‘qigan paytimda qo‘limga tushgan «Samarqand» nomli kitob orqali olganman. Samarqand nomi o‘shandayoq men uchun ilm-fan, tarix va madaniyat ramziga aylangan edi. Bugun esa O‘zbekistonga kelib, uning boy madaniy muhiti, mehmondo‘st xalqi va tarixiy obidalarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rish baxtiga muyassar bo‘ldim. O‘zbekiston haqiqatan ham buyuk tarix va buyuk kelajakka ega mamlakat, – dedi Bilel Shebbi.
Shubhasiz, “Andijon – turkiy davlatlar madaniyat poytaxti” loyihasi nafaqat O‘zbekistonning boy tarixi va madaniy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib etish, balki turkiy davlatlar o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Xorijlik mehmonlarning samimiy e’tiroflari esa yurtimizning jahon sivilizatsiyasida tutgan munosib o‘rni, Samarqand, Buxoro va Andijon kabi azim shaharlarning insoniyat madaniy merosidagi beqiyos ahamiyatini yana bir bor tasdiqlaydi.
N.Rahmonova,
Z.Umurzoqov (video),
A.Ahmedov (montaj),
O‘zA