Surxondaryolik abituriyentlar uchun ham test sinovlari boshlandi
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyatida ham 2026/2027 o‘quv yili uchun oliy va professional ta’lim muassasalariga qabul bo‘yicha test sinovlari boshlandi. Ushbu muhim jarayon belgilangan tartib va talablar asosida o‘tkazilmoqda.
Bilim va malakalarni baholash agentligi viloyat bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilgi qabulda jami 48 ming 185 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tkazildi.
– Test sinovlari viloyat bo‘yicha 8 ta bino, jumladan, Termiz shahrida 4 ta va Denov tumanida 4 ta manzilda bo‘lib o‘tmoqda, - deydi agentlikning Surxondaryo viloyati bo‘limi boshlig‘i Yoqubjon Karimov. – Termiz shahrida Bilim va malakalarni baholash agentligi viloyat bo‘limi binosi, Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali va Termiz shahar sport maktabi binolarida o‘tkazilmoqda. Barcha tashkiliy ishlar belgilangan me’yor asosida amalga oshirildi. Abituriyentlar uchun qulay, xavfsiz va shaffof muhit yaratildi.
Test jarayonlari viloyatda 23-iyulgacha har kuni ikki smenada – soat 08:00 dan 11:00 gacha va 15:00 dan 18:00 gacha o‘tkazilishi belgilangan.
[gallery-30390]
Termiz shahridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi viloyat bo‘limi binosida har bir smenada 1 ming 140 nafar, bir kunda esa 2 ming 280 nafar abituriyent sinovda ishtirok etayapti.
Imtihonlarning adolatli va oshkora o‘tishini ta’minlash maqsadida test o‘tkazilayotgan binolar videokuzatuv tizimlari bilan to‘liq jihozlangan.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA