Yakkabog‘da dam oluvchilar uchun qulayliklar yaratilmoqda
Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumani ham vohada so‘lim tabiatli tog‘li hududlardan hisoblanadi. Ayniqsa, tumandagi Tatar mahallasiga qarashli Zarmast, Vori kabi qishloqlar xushmanzara va ajoyib tabiati bilan sayyohlarni doimo o‘ziga jalb qilib kelgan.
Shu bois tuman mas’ullari Tatar mahallasi oralab o‘tgan Qizildaryo bo‘ylarida zamonaviy, barcha qulayliklarga ega dam olish maskanlarini barpo etishni rejalashtirmoqda.

Tuman hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, “Tatar” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Qizildaryo daryosi qirg‘oqlarini obodonlashtirish orqali zamonaviy dam olish hududlarini tashkil etish loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida daryo bo‘ylab bir tomonlama 4 metr kenglikda, 4 kilometr masofada piyodalar va veloyo‘laklar qurilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, panjarali to‘siqlar va lotoklar o‘rnatiladi, aholi uchun qulaylik yaratish maqsadida o‘rindiqlar hamda chiqindi tashlash qutilari joylashtiriladi. Hudud xavfsizligi va obodligini ta’minlash uchun tungi yoritish chiroqlari o‘rnatilishi ham ko‘zda tutilgan.

Mazkur loyihani amalga oshirish uchun 8,7 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, qurilish ishlari pudratchi tashkilot tomonidan boshlab yuborilgan.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri