Yagona maskan ohanglari: do‘stlik va hamjihatlik bayrami (+video)
O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita, Yakkasaroy tuman hokimligi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy, musiqiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbir mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, millatlararo totuvlik, do‘stlik va bag‘rikenglik muhitini keng targ‘ib etish, turli millat va elat vakillarini Vatanimiz ravnaqi yo‘lida yagona maqsad atrofida yanada jipslashtirishga xizmat qildi.
Tadbirning tantanali ochilish qismida O‘zbekiston mustaqilligining tarixiy ahamiyati, o‘tgan 35 yil davomida mamlakatimiz erishgan yutuqlar, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda jamiyatimizdagi tinchlik va hamjihatlikning bebaho ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Tadbirning badiiy qismi rang-barang konsert dasturi bilan davom etdi. Unda O‘zbekiston madaniyat va san’at namoyandalari, estrada xonandalari hamda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlarning badiiy jamoalari o‘z chiqishlarini namoyish etdi.
Sahnada yangragan turli millatlarning ohanglari, milliy raqslari va yorqin ijodiy chiqishlari O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqini birlashtirib turuvchi do‘stlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik qadriyatlarining yorqin ifodasiga aylandi.
[gallery-31126]
Bugungi kunda mamlakatimizda turli millat va elat vakillarining o‘z ona tili, madaniyati, urf-odat va an’analarini asrab-avaylashi hamda rivojlantirishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Milliy madaniy markazlar esa ushbu jarayonda millatlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlovchi muhim ko‘prik sifatida faoliyat yuritmoqda.
Ayniqsa, bayram tadbirida turli millatlarning san’at namoyandalari bir sahnada jam bo‘lib, O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligini birgalikda nishonlagani “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu g‘oyaning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Mazkur ma’naviy-ma’rifiy, musiqiy tadbir O‘zbekistonning eng katta boyliklaridan biri bo‘lgan tinchlik, millatlararo totuvlik va millatlar birdamligini yana bir bor kuy-qo‘shiqlar orqali namoyon etdi.
<iframe width="873" height="491" src="https://www.youtube.com/embed/IYaPUxjKTGc" title="Yagona maskan ohanglari: Do’slik va hamjihatlik bayrami" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova, O.Davronov (video),
S.Obidjonov (montaj), A.Alijonov (surat), O‘zA