Xorijliklar Angorda meva, sabzavot va poliz yetishtirmoqda (+video)
Mamlakatimizda qulay investitsion muhit yaratilgani chet ellik ishbilarmonlarning yurtimizda tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishida muhim omil bo‘lmoqda.
Surxondaryo viloyatining Angor tumanida ham foydalanilmay turgan yer maydonlariga mahalliy va xorijlik sarmoyadorlar katta qiziqish bildirib, turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirmoqda.


Mo‘’tadil iqlim va unumdor tuproqqa ega tumanda yerlarning o‘zlashtirilib, oziq-ovqat ekinlari parvarishlanayotgani aholi bandligi, bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlari arzonligini ta’minlashga xizmat qilayotir. Hududning investitsion salohiyati o‘sib, iqtisodiyoti rivojlanmoqda. Afg‘onistonlik Samadiy G‘ulomaliy Yuqori Tallimaron mahallasi hududidan 38 gektar yer maydoniga 5,7 million dollar investitsiya kiritib, 11 gektarida mevali bog‘ barpo etdi. 27 gektar maydonda sabzavot-poliz parvarishlab, uning bir qismini xorijga eksport qilmoqda.
– 2017-yildan buyon shu yerda dehqonchilik qilamiz, – deydi “Qodir Shahb” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Samadiy G‘ulomaliy. – 17 gektari bog‘. Qolganida poliz-sabzavot parvarishlaymiz. Qishda karam ekdik. Qovun-tarvuz, makkajo‘xori, ko‘kat yetishtiryapmiz. Bog‘da olma, olcha, uzum bor. Qovunning “Dakara”, “601” navlarini ekamiz. Bu yerda shu qovunlar yaxshi hosil beradi. Eksportbop. Shuning uchun ham shu urug‘lar ekiladi.


Ayni kunlarda “Qodir Shahb” mas’uliyati cheklangan jamiyati besh nafar dehqonni doimiy ish bilan ta’minlagan. Mavsumda yuzga yaqin kishi mehnat qiladi. Dalada sabzavot-poliz pishib, yetilmoqda. Tadbirkor tabiiy quyosh nuridan to‘yinib, pishgan oziq-ovqat mahsulotlarining mahalliy bozordan ortgan qismini xorijga eksport qilishga ham puhta hozirlik ko‘rmoqda.


Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri