O‘zbekiston va Pokiston parlamentlararo hamkorligi yanada kengaytiriladi
Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Pokiston Islom Respublikasi Senati raisining maslahatchisi Misbah Khar bilan uchrashdi.
Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi parlamentlararo munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi.
Qonun chiqaruvchi organlar o‘rtasidagi muloqot va amaliy hamkorlik ikki tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlashning muhim omili ekani alohida ta’kidlandi.

Uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni parlament diplomatiyasi vositalari orqali har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi institutsional hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Xususan, hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhlar faoliyatini faollashtirish, tegishli qo‘mitalar o‘rtasida muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish, qonun ijodkorligi va parlament nazorati sohasida tajriba almashish, shuningdek, xalqaro parlament tuzilmalari doirasidagi hamkorlikni mustahkamlashga e’tibor qaratildi.
Parlament diplomatiyasining zamonaviy mexanizmlarini keng joriy etish, yoshlar va xotin-qizlarning parlament faoliyatidagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash hamda gumanitar aloqalarni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
N.Abduraimova, O‘zA