Xorijlik yo‘lovchilarga 9,7 million so‘mdan ortiq mablag‘ qaytarildi
Aviareysning bekor qilinishi yo‘lovchi uchun nafaqat rejalar o‘zgarishi, balki sarflangan mablag‘ bilan bog‘liq muammolarni ham keltirib chiqarishi mumkin.
Ayniqsa, chipta puli belgilangan muddatda qaytarilmasa, iste’molchining huquqlarini himoya qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Raqobat qo‘mitasiga murojaat qilgan ikki nafar xorijlik fuqaroning ana shunday muammosi o‘rganilib, ularga 9 million 700 ming so‘mdan ortiq mablag‘ to‘liq qaytarilishi ta’minlandi.
Qo‘mitaning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali xorijlik fuqarolar B.K. va B.A. «Centrum Air» aviakompaniyasi tomonidan reyslar bekor qilinganiga qaramay, chipta uchun to‘langan mablag‘lar qaytarilmayotgani yuzasidan murojaat qilgan.
O‘rganish davomida murojaatchilarda Boku – Toshkent – Bangkok hamda Bangkok – Toshkent – Boku yo‘nalishlari bo‘yicha rasmiylashtirilgan aviachiptalar mavjudligi aniqlangan.
Biroq aviakompaniya tomonidan 13-iyul kuni Toshkent – Bangkok va 20-iyul kuni Bangkok – Toshkent reyslari bekor qilingan. Shu sababli yo‘lovchilar zarurat tufayli yangi aviachiptalar xarid qilib, safarlarini boshqa yo‘nalishlar orqali amalga oshirgan.
Shunga qaramay, aeroportda aviakompaniya vakillari tomonidan chipta qiymatini 100 foiz qaytarish huquqini tasdiqlovchi, aviakompaniya muhri qo‘yilgan rasmiy qaytarish dalolatnomasi berilgan bo‘lsa-da, mablag‘ belgilangan muddatda yo‘lovchilarga qaytarilmagan.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida foydalanilmagan aviachiptalar uchun to‘langan 9 million 700 ming so‘mdan ortiq, ya’ni 808,62 AQSH dollari yo‘lovchilarga «Centrum Air» aviakompaniyasi tomonidan to‘liq qaytarib berilishi ta’minlandi.
Bundan tashqari, yuzaga kelgan noqulayliklar inobatga olinib, aviakompaniya tomonidan istisno tariqasida har ikki yo‘lovchiga «Centrum Air»ning istalgan muntazam yo‘nalishi bo‘yicha bir martalik bepul parvoz sertifikati taqdim etishga qaror qilindi.
O‘zbekiston Respublikasining «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonuni 21-moddasiga muvofiq, sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar yoki xizmatlarni olishga majbur qilishga, shuningdek, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq undirishga haqli emas.
Nigora Rahmonova,
O‘zA