Xorijiy ta’limga qiziqish pasaydimi?
So‘nggi yillarda xorijda ta’lim olishga qiziqish bildiruvchi o‘zbekistonliklar soni kamaygan, 2026-yilning dastlabki to‘rt oyida muayyan pasayish kuzatilgan.
Mutaxassislar bu holatni xorijiy oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari, ta’lim grantlari siyosati, iqtisodiy omillar va mamlakat ichidagi ta’lim imkoniyatlarining kengayishi bilan izohlamoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–aprel oylarida 7 ming 355 nafar O‘zbekiston fuqarosi o‘qish maqsadida chet elga safar qilgan. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 2,6 ming nafarga yoki 26,2 foizga kamaygan.
Tahlillarga ko‘ra, o‘zbekistonliklar ta’lim uchun asosan geografik jihatdan yaqin, ta’lim sifati yuqori va talabalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan mamlakatlarni tanlamoqda.
O‘qish maqsadida eng ko‘p safar qilingan davlatlar quyidagicha:
Qirg‘iz Respublikasi — 1 519 nafar;
Rossiya — 1 515 nafar;
Koreya Respublikasi — 1 184 nafar;
Turkiya — 554 nafar;
Tojikiston — 514 nafar;
Xitoy — 472 nafar;
Buyuk Britaniya — 413 nafar;
Boshqa davlatlar — 1 184 nafar.
Qirg‘iz Respublikasi va Rossiya ta’lim muassasalariga qiziqish yuqoriligi ushbu davlatlardagi o‘quv dasturlarining nisbatan qulayligi, til muhitining yaqinligi hamda o‘qish xarajatlarining maqbulligi bilan izohlanadi. Koreya Respublikasi esa yuqori texnologiyalar, innovatsion ta’lim tizimi va xalqaro grant dasturlari orqali yoshlarni o‘ziga jalb etib kelmoqda.
Shuningdek, Turkiya va Xitoy universitetlari ham so‘nggi yillarda o‘zbekistonlik talabalar uchun jozibador ta’lim yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Buyuk Britaniya esa dunyo reytingida yuqori o‘rinlarni egallagan universitetlari bilan ajralib turadi.
Mutaxassislarning fikricha, xalqaro ta’lim bozoridagi o‘zgarishlar, vizalar siyosati, ta’lim xarajatlari va grant dasturlari kelgusi oylarda ham o‘zbekistonliklarning qaysi davlatlarda tahsil olishini belgilab beruvchi asosiy omillar bo‘lib qoladi.
Statistik ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, o‘zbekistonlik yoshlar xorijda bilim olish imkoniyatlaridan faol foydalanishda davom etmoqda. Bu esa mamlakatda yuqori malakali kadrlar zaxirasini shakllantirish va xalqaro tajribaga ega mutaxassislar sonini ko‘paytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA