Bolalar manfaatlari yo‘lida muhim qadamlar
Mamlakatimizda bolalarni ijtimoiy himoya qilish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, har bir bolaning mehr-muhabbat va g‘amxo‘rlik muhitida voyaga yetishi uchun keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Farmon va ijro
Bu boradagi ishlar Prezidentimizning 2024-yil 14-noyabrdagi tegishli farmoni bilan bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada mustahkamlash, oilaviy bolalar uylarini qo‘llab-quvvatlash, tarbiyalanuvchilarning sifatli ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi hamda jamiyatda munosib o‘rin topishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan muhim vazifalar belgilab berildi. Shuningdek, bolalarni himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, oilaga asoslangan xizmatlarni rivojlantirish va bolalar manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Respublikaning barcha hududlarida bo‘lgani kabi, Toshkent viloyatida ham mazkur farmonlar ijrosini ta’minlash yuzasidan keng ko‘lamli amaliy ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, viloyatda bolalarni himoya qilish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi xizmatlar tashkil etildi.

Bugungi kunda Toshkent viloyatida Krizis markazi, “Mehrli oila” xizmati hamda professional tutingan oila xizmati faoliyat yuritmoqda. Birgina Krizis markazi zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan yoki zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan bolalarga tezkor ijtimoiy, psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatmoqda. Mazkur markaz orqali bolalarning xavfsizligi ta’minlanib, ularni himoya qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilyapti.
“Mehrli oila” xizmati esa turli sabablarga ko‘ra oilaviy muhitdan uzoqlashgan bolalarning ota-onasi va yaqinlari bilan munosabatlarini tiklash hamda imkon qadar o‘z oilasiga qaytarish bo‘yicha manzilli xizmatlarni amalga oshirmoqda. Professional tutingan oila xizmati orqali esa zo‘ravonlik yoki boshqa salbiy holatlar xavfi mavjud bo‘lgan bolalar professional tutingan oilalarga joylashtirilmoqda. Bu esa bolalarning muassasa sharoitida emas, oilaviy muhitda tarbiyalanishi va parvarish qilinishini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda Toshkent viloyatida 31 ta oilaviy bolalar uyi faoliyat yuritib, ularda 67 nafar bola tarbiyalanmoqda. Bu ko‘rsatkichlar davlatimiz tomonidan bolalarning oilaviy muhitda voyaga yetishi, ularga mehr va e’tibor ko‘rsatish masalasiga alohida ahamiyat qaratilayotganining amaliy ifodasidir. Oilaviy bolalar uylarida tarbiyalanayotgan bolalar uchun ta’lim olish, kasb-hunar egallash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda kelgusida mustaqil hayotga tayyorlanish borasida keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Bu esa Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan “Inson qadri uchun” tamoyilining amaldagi ifodasidir. Yurtimizda bolalar manfaatlarini himoya qilish, ularning baxtli bolaligini ta’minlash hamda har bir bolaning oilada voyaga yetish huquqini ro‘yobga chiqarish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda.
Zero, bolaga berilgan mehr va e’tibor jamiyat kelajagiga qaratilgan eng muhim sarmoyadir.
Manzura Soliyeva,
Ijtimoiy himoya milliy agentligi
Toshkent viloyati boshqarmasi
Bolalar sho‘basi mudiri,
O‘zA.