Tibbiy ko‘rik o‘tkazildi
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tashabbusi bilan Nukus shahridagi 7-sonli oilaviy poliklinikada aholini profilaktik tekshiruvdan o‘tkazish, kasalliklarni erta aniqlash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan “Sog‘lom jamiyat — kuchli davlat” shiori ostida ommaviy bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Unda partiyaning Qorakalpog‘iston Respublikasi va Nukus shahar Kengashlari mas’ul xodimlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari, deputatlar, Nukus shahar Tibbiyot birlashmasi va oilaviy poliklinika shifokorlari, hudud aholisi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida Nukus shahridagi “Samanbay” va “Anasay” mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi, jumladan, kambag‘allik reyestrida turgan nogironligi bo‘lgan fuqarolar, nogironligi bo‘lgan farzandi bor, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, xotin-qizlar va keksalar, jami 600 nafardan ortiq fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Tibbiy ko‘rik yakuniga ko‘ra, shifokorlar tavsiyasi asosida 5 nafar fuqaroga Nukus shahridagi U. Xalmuratov nomidagi Respublika ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi davolanish uchun yo‘llanma, 2 nafar fuqaroga order, 16 nafar fuqaroga dori-darmon hamda homilador ayollar uchun kompleks vitaminlar bepul tarqatildi. Shuningdek, ushbu poliklinikada statsionar davolanish uchun ham yo‘llanmalar berildi.
Ishtirokchilar aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida tashkil etilgan tibbiy ko‘rik tashkilotchilariga o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi. Bunday tadbirlar kasalliklarni erta aniqlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri