Xorijiy investorlar O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozoriga qiziqish bildirmoqda
Mamlakatimizda shaharsozlik va uy-joy sohasini barqaror rivojlantirish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish hamda investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu esa yirik xorijiy investorlarning O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozoriga qiziqishini tobora oshirmoqda.
Shu maqsadda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev infratuzilma va qurilish sohasida katta tajribaga ega bo‘lgan nufuzli «Ghazanfar Group» kompaniyalar guruhi vakillari bilan uchrashdi.
Muloqot davomida xorijiy kompaniya vakillari O‘zbekistonning uy-joy bozoriga, xususan, poytaxtimizda zamonaviy ko‘p qavatli turar joy majmualarini barpo etishga qaratilgan investitsiya loyihalariga katta qiziqish bildirayotganini ta’kidladi.

Uchrashuvda istiqbolli investitsiya maydonchalaridan samarali foydalanish, xorijiy investorlarning auksionlarda ishtirok etish tartibi, shuningdek, investitsiya loyihalarini amalga oshirishdagi mavjud huquqiy va amaliy mexanizmlar atroflicha muhokama qilindi.
Tomonlar zamonaviy turar joylar barpo etish, shahar infratuzilmasini rivojlantirish va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha yangi imkoniyatlarni ko‘rib chiqdi.

Uchrashuv yakunida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, istiqbolli investitsiya loyihalarini birgalikda o‘rganish hamda sohadagi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha muntazam ravishda axborot almashib borishga kelishib olindi.
Ta’kidlash joizki, bunday hamkorliklar mamlakatimizda zamonaviy uy-joylar barpo etish, qurilish sohasiga ilg‘or xorijiy tajriba va investitsiyalarni jalb qilish hamda shaharlarning me’moriy qiyofasini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA