Toshkentda hovli-joylar qiymati kadastrdagidan 15 baravar yuqori ekani ma’lum bo‘ldi
Poytaxtda ko‘chmas mulkni ommaviy baholash natijalari amaldagi kadastr qiymati bilan uy-joylarning haqiqiy bozor qiymati o‘rtasida katta farq borligini ko‘rsatdi. Ayrim hovli-joylarda bu tafovut qariyb 15 baravarga yetgan.
Toshkent shahrida ko‘chmas mulkni ommaviy baholash jarayoni doirasida olingan dastlabki natijalar uy-joylarning amaldagi kadastr qiymati ularning bozordagi real bahosini to‘liq aks ettirmayotganini ko‘rsatdi.
Kadastr agentligi huzuridagi Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxtdagi qariyb 600 mingta kvartira ommaviy baholashdan o‘tkazildi. Ularning umumiy baholangan qiymati 426,7 trillion so‘mni tashkil etdi. Amaldagi kadastr qiymati esa atigi 57,7 trillion so‘m bo‘lgan. Hovli-joylarda esa farq yanada katta. Ommaviy baholashga ko‘ra, ularning umumiy qiymati 587 trillion so‘m, amaldagi kadastr qiymati esa 39 trillion so‘mni tashkil etgan. Ya’ni, ayrim holatlarda kadastr va baholash qiymati o‘rtasidagi tafovut qariyb 15 baravarga yetgan.
Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimi Prezidentimizning 2025-yil 5-martdagi tegishli farmoni asosida bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Yangi tizim katta hajmdagi bozor ma’lumotlarini tahlil qilish, statistik va matematik usullardan foydalangan holda ko‘chmas mulk ob’ektlarining bozor qiymatiga yaqin bahosini aniqlashga qaratilgan. Asosiy maqsad – uy-joylarning oldi-sotdisi, garovga qo‘yilishi, jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi va boshqa holatlarda mulk qiymatini yanada adolatli hamda mutanosib aniqlashdir.
Bunda ko‘chmas mulkning joylashuvi, hududning rivojlanganlik darajasi, transport va ijtimoiy infratuzilmaga yaqinligi, qurilgan yili, maydoni, qavati, qurilish materiali va boshqa ko‘rsatkichlar hisobga olinadi. Ommaviy baholash natijalari poytaxtning turli hududlarida joylashgan bir xil maydondagi uy-joylar o‘rtasidagi narx tafovuti qanchalik katta ekanini ham ko‘rsatdi. Masalan, Mirabad Avenue turar joy majmuasidagi 45 kvadrat metrli kvartiraning amaldagi kadastr qiymati 88,9 million so‘m bo‘lgan. Yangihayot tumanida, Sergeli metro bekati atrofida joylashgan xuddi shunday maydondagi kvartiraning kadastr qiymati esa 81,6 million so‘mni tashkil etgan.
Kadastr qiymatlari deyarli bir xil bo‘lishiga qaramay, ularning bozor bahosi keskin farq qilgan. Mirabad Avenue’dagi kvartira taxminan 1,5 milliard so‘m, Yangihayotdagi uy-joy esa 508 million so‘m atrofida baholangan. Demak, ikki ob’ektning kadastr bahosi o‘rtasida katta farq bo‘lmagan bo‘lsa-da, joylashuvi va infratuzilma imkoniyatlari tufayli bozor qiymati qariyb uch baravarga farq qilgan.
Toshkentdagi ommaviy baholash jarayonida ko‘chmas mulk bozoriga oid katta hajmdagi ma’lumotlar o‘rganildi. Jumladan, qariyb 100 mingta bozor ma’lumotlari, takliflar va rieltorlik bitimlari, shuningdek, 85 mingdan ortiq notarial tartibda rasmiylashtirilgan oldi-sotdi bitimlari tahlil qilingan. Bu ma’lumotlar asosida har bir hududdagi ko‘chmas mulkning qiymatiga ta’sir qiluvchi omillar aniqlangan. Yangi tizimning ahamiyati shundaki, bir xil maydonga ega bo‘lgan uy-joylar endi faqat texnik ko‘rsatkichlariga qarab emas, balki ularning joylashuvi va iqtisodiy jozibadorligiga qarab ham baholanadi.
Mulkdorlarni qiziqtirayotgan asosiy masalalardan biri — ommaviy baholash natijasida uy-joylar uchun soliq yoki oldi-sotdi narxlari oshadimi, degan savoldir. Bu kabi ommaviy baholashda aniqlangan qiymat kelgusida ko‘chmas mulk solig‘ini oshirish yoki oldi-sotdi narxlarini belgilash uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri asos bo‘lmaydi. Aksincha, yangi tizim mulkdorlarning huquqlarini himoya qilish, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq turli bahsli holatlarda uning haqiqiy qiymatiga yaqin bahoni aniqlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Ayniqsa, jamoat ehtiyojlari uchun yer yoki uy-joy olib qo‘yilganda, garov munosabatlarida yoki boshqa huquqiy jarayonlarda mulk qiymatini adolatli aniqlash muhim ahamiyat kasb etadi. Bu hali uy-joyning aniq sotuv narxi emas. Eksportlar ommaviy baholashda aniqlangan qiymatni ko‘chmas mulkning ayni paytdagi aniq sotuv narxi sifatida qabul qilmaslik kerakligini ta’kidlamoqda. Bozordagi narxlar doimiy o‘zgarib turishi, turli statistik omillar va ehtimoliy xatoliklar hisobga olingani sababli ommaviy baholash qiymati amaldagi bozor narxidan o‘rtacha 20–30 foizgacha past bo‘lishi mumkin. Shu bois, ommaviy baholash tizimi ko‘chmas mulkning muayyan kundagi aniq savdo narxini emas, balki bozor holatidan kelib chiqqan holda shakllantirilgan hisob-kitob qiymatini ko‘rsatadi.
Baholash natijalari hozircha yakuniy emas. 2026-yil 5-sentabrdan boshlab ular 60 kun davomida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Mulkdorlar davreestr.uz platformasi orqali o‘z ko‘chmas mulkining baholash natijasi bilan tanishishi, qiymat qanday shakllanganini ko‘rishi hamda asoslantirilgan taklif yoki e’tirozlarini bildirishi mumkin. Asosli murojaatlar bo‘yicha baholash natijalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi nazarda tutilgan.
Ommaviy baholash tizimi hozircha poytaxtda amalga oshirilmoqda. 2025–2026-yillarda Toshkent shahrida, 2026–2027-yillarda Nukus shahri va viloyatlar markazlarida baholash o‘tkaziladi. 2027-yildan boshlab mazkur tizim mamlakatning qolgan hududlariga ham bosqichma-bosqich joriy etilishi rejalashtirilgan.
Xulosa qilib aytganda, Toshkentdagi ommaviy baholash natijalari mamlakatda ko‘chmas mulkning kadastr qiymati bilan uning bozor bahosi o‘rtasida jiddiy nomutanosiblik mavjudligini ochiq ko‘rsatdi. Ayrim hovli-joylardagi 15 karralik tafovut esa amaldagi baholash tizimini zamonaviy bozor munosabatlariga moslashtirish zarurati borligini ko‘rsatmoqda. Yangi tizimning qanchalik samarali ishlashi esa baholashning xolisligi, ochiqligi va mulkdorlarning huquqlari qay darajada himoya qilinishiga bog‘liq bo‘ladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA