Tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda
Tadbirkorlik – iqtisodiy taraqqiyotni harakatga keltiradigan kuch. Yangi korxona, yangi loyiha, yangi ish o‘rni ortida bir insonning tashabbusi, oilasining ertangi kuni va hududning iqtisodiy salohiyati mujassam. Shu bois tadbirkorga ishlash uchun qanchalik qulay muhit yaratilsa, uning tashabbusi ham shunchalik erkin qanot yozadi.
Jizzax viloyat soliq boshqarmasida o‘tkazilgan seminarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 27-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ana shu nuqtai nazardan keng muhokama qilindi. Unda soliq sohasi vakillari, sudyalar hamda tadbirkorlik sub’ektlari ishtirok etib, yangi tartiblarning mazmun-mohiyati yuzasidan fikr almashildi.
Farmonning e’tiborga molik jihati shundaki, unda tadbirkorga yana bir bor “nazorat qilinadigan sub’ekt” sifatida emas, iqtisodiy o‘sishning muhim tayanchi sifatida qarash ustuvor vazifaga aylantirilgan. Xususan, kichik tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirishga uch yil muddatga moratoriy joriy etilgan. Jinoyat ishlari, inson salomatligi, mehnat qonunchiligi, fuqarolar murojaatlari va ayrim qonunda nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno, albatta. Bu esa tadbirkorning har bir kunini tekshiruv xavotirida emas, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish rejalari bilan o‘tkazishiga xizmat qilishi kerak.

Yangi yondashuvning yana bir muhim tomoni tadbirkorning xatosini darhol jazoga aylantirish emas, uni to‘g‘ri yo‘lga qaytarishga ustuvor ahamiyat berilganidir. Birinchi marta sodir etilgan qoidabuzarliklarda kamchilikni bartaraf etish uchun muddat berilishi, ayrim jarimalar miqdorining kamaytirilishi shu maqsadga qaratilgan.
Soliq majburiyatlarini bajarishda ham tadbirkor uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilmoqda. Farmonda 2026-yil 1-sentabrdan 31-dekabrga qadar mavjud soliq qarzdorligi to‘liq to‘langan taqdirda hisoblangan penyalarni bekor qilish belgilangan. Bu yengillik, avvalo, qarzdorlikni bartaraf etib, faoliyatini qonuniy va barqaror davom ettirishni istagan tadbirkor uchun muhim rag‘batdir.

Tadbirkorlik muhitini yengillashtirish faqat soliq masalalari bilan cheklanmaydi. Kommunal xizmatlar bo‘yicha oldindan to‘lov miqdorining 15 foiz etib belgilanishi, naqd puldagi hisob-kitoblar chegarasining bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravarigacha oshirilishi ham biznes yuritishdagi ayrim ma’muriy va moliyaviy yukni kamaytirishga qaratilgan.
Eng muhimi, davlat organi bilan tadbirkor o‘rtasidagi munosabatlarda “tadbirkorning haqlilik prezumpsiyasi” prinsipi mustahkamlandi. Ya’ni davlat organi aksini isbotlamaguniga qadar tadbirkor qonun doirasida harakat qilgan, deb qaraladi. Bu norma tadbirkorning huquqiy himoyasini kuchaytirish bilan birga, davlat idoralarining ham mas’uliyatini oshiradi.

Farmonda tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, startaplarni rag‘batlantirish, innovatsion loyihalarga sarmoya jalb etish, turizm va xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha ham yangi mexanizmlar nazarda tutilgan. Jumladan, “Kelajak tadbirkori” dasturi doirasida ustuvor yo‘nalishlarda startap loyihalarini moliyalashtirish, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” orqali qo‘shimcha moliyaviy ko‘mak berish belgilangan.
Bu imkoniyatlar Jizzax uchun ham alohida ahamiyatga ega. Zero, viloyatda sanoat, xizmat ko‘rsatish, turizm va eksport yo‘nalishlarida tadbirkorlik faolligi tobora kengayib bormoqda. Avvalgi ochiq muloqotlarda bildirilgan takliflar asosida infratuzilma, elektr ta’minoti va yangi loyihalar bilan bog‘liq masalalarga yechim izlanayotgani ham bu jarayonning amaliy ko‘rinishidir.

Bugun tadbirkor uchun yaratilgan har bir yengillik ertangi yangi loyiha, yangi ish o‘rni, yangi mahsulot va yangi bozorga chiqish imkoniyatidir. Demak, davlatimiz rahbarining 2026-yil 27-avgustdagi yuqorida nomi zikr etilgan farmonining mohiyatini bir jumlada ifodalaydigan bo‘lsak, gap tadbirkorga imtiyoz berishning o‘zida emas, uning ishlashi, o‘sishi va o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun ishonchli muhit yaratishda.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri